Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida aholini daraxtlarga nisbatan e’tiborli bo‘lish va ularga zarar yetkazmaslikka chorlovchi plakatlarning suratlari paydo bo‘ldi. Tarmoq faollari uni “Daraxtlar tilga kirganda” nomi ostida o‘z sahifalarida ham ulashmoqda.

“Gazeta.uz” g‘oya muallifi — “O‘rikguli” nomi ostida faoliyat olib boruvchi ekobloger Mo‘’tabar Xushvaqtova bilan suhbatlashib, undan qanday maqsad ko‘zlagani haqida so‘radi. Blogerning aytishicha, bu g‘oya unda salkam bir yildan beri bo‘lgan.

“Uy yumushlari, bola tarbiyasi va o‘zimdan ortib, bunga ulgura olmayotgandim. Hayit bayrami kunlari buning imkoni topildi. Rasmda ko‘rsatilgan joylarning hammasi o‘zim ko‘rib, bilib yurgan manzillar. Agarda siz shunchaki aylanishga chiqqan taqdiringizda ham, bunday joylarni: aynan shunday daraxtlarni, betonlangan daraxtlarni ko‘rishingiz mumkin. Aytish mumkinki, har 10 metrda bitta shunday muammoli daraxtni uchratish mumkin”, — deya ta’kidladi u.

“Bundan ko‘zlangan maqsad: hadeb archa ekavermasdan, to‘g‘ri keladigan daraxtni ekish, daraxtlarni betonlamasdan, uning tagida ham jon borligini tushunish. Daraxtlarning o‘rtasidan kesib tashlab, „Ha bu o‘sadi, yonidagi chiqqan shoxlari katta daraxt bo‘lib ketadi“ deyish — ahmoqona javob. Katta daraxtlarning o‘rtasidan kesish noto‘g‘ri”, — deydi u.

“Men shunchaki 2 kun yo‘l-yo‘lakay ko‘chada plakat bilan yurib, duch kelgan muammoli daraxtni rasmga tushirdim. Masalan, qurilishga xalaqit bergan daraxtning o‘rtasidan kesilganini rasmga olayotganimda qorovul chiqib, nega uni tasvirga olayotganim, kimligim, qaysi tashkilotdanligim va bunga nima haqqim borligini so‘radi. O‘sha yerda biroz muammo bo‘ldi. Qolgan joylarda bunday holatga uchraganim yo‘q”, — dedi ekobloger.

“Chunki bu ularning qurilishi oldidagi daraxt edi… Yo‘q, hech ham! Daraxtning oldidagi qurilish edi”, — deya so‘zlarini tahrirladi u.

Ta’kidlanishicha, ushbu g‘oyani amalga oshirishda bloger hech kim bilan hamkorlik qilmagan. “Men jamiyatdagi muammolarni o‘zim bilganimcha, o‘z fikrim bilan olib chiqaman, blogimda yoritib boraman”, — dedi u.

o'rikguli, daraxt

“Maqsadim jamiyatda daraxtlarga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish edi. Bu ish davom etadi. Hali rejalarimda juda ko‘p yozilishi kerak bo‘lgan postlar bor. Imkon darajasida ularni qo‘yib borishga harakat qilaman”.

Ekobloger ushbu aksiyaga qo‘shilishni istovchilardan uning sahifasini kuzatib borishlarini, hashar yoki marafon tadbirlari uyushtirilganda, qatnashishlarini so‘rab, befarq bo‘lmaslikka chaqirdi. “Agar ularda ham biror yangi g‘oya yoki taklif bo‘lsa, murojaat qilishlarini so‘rardim”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, poytaxtda “Daraxtlarni asraylik” shiori ostida ekoaksiyaga start berilgan. Unda daraxtlar beton, asfalt va sun’iy qoplamalardan tozalanadi. Aksiya dastlab Olmazor tumanida, so‘ng bir oy ichida boshqa barcha hududlarda o‘tkaziladi. Keyinchalik uni butun O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazish rejalashtirilmoqda.