Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida shar’iy nikohdagi xotinini urib, bo‘g‘ib o‘ldirgan erkakka sud hukmi o‘qildi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot kotibi.

Ma’lum bo‘lishicha, Sherobod tumanining “Oyinli” mahallasida yashovchi 1971-yilda tug‘ilgan erkak 2022-yil noyabr oyida 1989-yilda tug‘ilgan ayol bilan tanishgan. Ayol turmushidan ajrashgan, 5 nafar farzandi bo‘lgan.

Ular bir muddat o‘tib, shar’iy nikoh asosida turmush qurgan. Ayol o‘zi bilan birga 11 yoshli nogiron farzandini ham olib, sudlanuvchining uyida yashay boshlagan. Oradan 2 oy o‘tmasdan, ularning orasida kelishmovchilik paydo bo‘lgan.

Keltirilishicha, sudlanuvchi turmush o‘rtog‘ining boshqa shaxslar bilan ishqiy munosabatda bo‘lganini gumon qilib, o‘rtada janjal kelib chiqqan. 2023-yil 2-yanvar kuni sudlanuvchi yashash uyida spirtli ichimlik iste’mol qilib, mast holatda voyaga yetmagan farzandining ko‘z o‘ngida turmush o‘rtog‘ini kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Shundan so‘ng uydagi yog‘och dastali temir tesha bilan ayol tanasining duch kelgan joylariga urib, bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumaning o‘limiga og‘irlik darajasiga ko‘ra hayot uchun og‘ir bo‘lgan tan jarohati sabab qilib ko‘rsatilgan. Sud hukmiga ko‘ra, erkak JKning 97-moddasi 2-qismining v, j bandlari (Qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilib, 16 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud sudlanuvchining biror ijtimoy mehnatdan foydalanmasdan muqaddam bir necha marotaba qasddan og‘ir turdagi jinoyatlarni sodir etib, yana bir og‘ir jinoyatni qasddan sodir etganini e’tiborga oldi. Uni o‘ta xavfli retsidivist deb topib, maxsus tartibli koloniyalarda jazo o‘tashni belgiladi.