Ostona jinoyat ishlari bo‘yicha sudi Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasining sobiq raisi, mamlakat sobiq bosh vaziri Karim Masimov va uning o‘rinbosarlari Anuar Sadiqulov, Daulet Yergojin va Marat Osipovga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha hukmni e’lon qildi, deya xabar qildi sud matbuot xizmati.

Ish sud tomonidan “O‘ta maxfiy” maqomi ostida ko‘rib chiqildi, deyiladi xabarda.

Sud Karim Masimovni Jinoyat kodeksining 175-moddaning 1-qismi (Davlatga xiyonat), 179-moddasining 3-qismi (Hokimiyatni majburan tortib olish), 362-moddasi 4-qismi 3-bandi (Hokimiyat va mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) bo‘yicha aybdor deb topdi.

“Jazolar qisman qo‘shilgan holda, Karim Masimovga mulki musodara qilinib, davlat xizmatidagi lavozimlarni egallash huquqidan umrbod mahrum etilgan holda 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi”, — deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.

Anuar Sadiqulov, Daulet Ergojin va Marat Osipov ham aybdor deb topilib, 3 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilindi.

Karim Masimov va uning sobiq o‘rinbosarlari sud qarori bilan generallik unvonlari va davlat mukofotlaridan mahrum etildi. Davlat hisobiga 10 milliard tenge va 24 million dollardan ortiq mablag‘ undirildi.

Eslatib o‘tamiz, Karim Masimov 2016-yilning sentabridan 2022-yilning 6-yanvariga qadar Milliy xavfsizlik qo‘mitasini boshqargan. U o‘tgan yil boshida Qozog‘istondagi ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida ishdan bo‘shatilgan va bir necha kundan so‘ng davlatga xiyonatda gumonlanib hibsga olingan edi. Avvalroq uning bir nechta kvartirasi va qasri, 17,2 million dollar naqd puli, oltin quymalari, 11 ta avtomobili va boshqalar borligi xabar qilingandi.