Oxirgi haftada yangi hosil piyozining ulgurji narxlari 2 barobar pasaygan, bu ichki bozorda ushbu mahsulotni yetkazib berish hajmi keskin oshgani bilan izohlanadi. Mazkur holat o‘tgan yilgi piyoz hosili narxiga ham ta’sir qilib, bu mahsulotning ulgurji narxlari ayni davrda 17% ga pasaydi, deya xabar bermoqda EastFruit portali.

Narxlar monitoringiga ko‘ra,14-apreldan 21-aprelga qadar yangi hosil piyozining o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 8000 dan 4000 so‘mga pasaygan va joriy o‘rtacha ulgurji narx 2022-yilning xuddi shu sanasida qayd etilgan darajaga teng bo‘lgan.

eastfruit, piyoz, piyoz narxi

Ushbu mahsulot narxlari boshqa mamlakatlardagi narxlar bilan solishtirilsa, 21-aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda yangi piyoz hosilining o‘rtacha ulgurji narxi Gruziyaga (0,99 $/kg)nisbatan 2,8 barobar past, lekin Tojikistonga (0,27 $/kg) nisbatan 30 foizga yuqori.

Oxirgi hafta o‘tgan yilgi piyozning ulgurji narxlari ham pasaygan, bu O‘zbekiston ichki bozorida yangi hosil piyozi bo‘yicha taklif keskin oshgani o‘tgan yilgi piyoz narxiga ta’sir ko‘rsatayotgani bilan izohlanadi. 14-apreldan 21-aprelga qadar ushbu mahsulotning o‘rtacha ulgurji narxi 1 kg uchun 6000 dan 5000 so‘mga pasaygan. Shu bilan birga, 21-aprel holatiga ko‘ra, o‘tgan yilgi piyozning o‘rtacha ulgurji narxi 2022-yilning shu sanasiga nisbatan qariyb bir yarim barobar yuqori.

eastfruit, piyoz, piyoz narxi

O‘zbekistonda 2022-yilgi hosil piyozining amaldagi ulgurji narxlari EastFruit meva-sabzavot mahsulotlarining ulgurji narxlarini haftalik monitoring qilib boradigan mamlakatlar orasida eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. 21-aprel holatiga ko‘ra, mintaqa mamlakatlarida o‘tgan yilgi piyozning o‘rtacha ulgurji narxi (1 kg uchun): O‘zbekiston — $0,44; Tojikiston — $0,60; Moldova — $0,83; Polsha — $0,83; Gruziya — $0,99; Ukraina — $1,15.

O‘zbekistonda ichki iste’mol bozor narxini arzonlashtirish maqsadida piyoz eksportiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklov (1-yanvardan boshlab 4 oyga) narxlar barqarorlashgani sababli 15-martdan bekor qilingandi.