2023-yilning 27−29-aprel kunlari Toshkent shahrida GreenArt xalqaro landshaft san’ati ekofestivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Landshaft san’ati uyushmasi xabar berdi.

Ekofestival har yili o‘tkaziladigan tadbir bo‘lib, bu yil ekologiya, bog‘cha va shahar bog‘dorchiligi sohasidagi xalqaro ekspertlar atrof-muhitni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun taklif etiladi.

Maqsad mamlakatdagi ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish muammolariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilishdan iborat. Festival doirasida xalqaro ilmiy anjuman, yoshlar forumi va ko‘rgazma o‘tkaziladi.

Tadbir O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligi ko‘magida Landshaft san’ati uyushmasi tomonidan tashkil etiladi.

Festivaldan ko‘zlangan maqsadlar:

  • idoraviy tashkilotlar xodimlarining kasbiy, ekologik savodxonligini, malakasini oshirish;
  • bog‘dorchilik jarayoniga keng jamoatchilikni jalb etish;
  • ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari talabalari orasida yuqori malakali, g‘oyaviy, tashabbuskor mutaxassislarni shakllantirish. Talabalarni barcha jarayonlarga faol jalb etish — loyihalash, ko‘kalamzorlashtirish va ko‘chatlarni parvarish qilishdan tortib, boshqa mamlakatlarning ixtisoslashtirilgan universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
  • O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasini ko‘chat materiallari bilan ta’minlash uchun yangi ko‘chatzorlar barpo etish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish;
  • yuqori sifatli ekish materialini shakllantirishning zamonaviy usullaridan foydalanish.

Ko‘rgazma-savdoda mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilar va pitomniklar o‘z mahsulotlari darajasi va sifatini namoyish etish, o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Yoshlar forumi doirasida O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari talabalari va yosh mutaxassislari ta’lim dasturida ishtirok etib, o‘z loyihalarini yaratadi. Tanlov natijalariga ko‘ra eng yaxshi loyihalar tanlab olinadi va amalga oshiriladi.

O‘zbekiston landshaft san’ati uyushmasi 2020-yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, o‘zida bog‘dorchilik va landshaft dizayni, pitomnik sohasi mutaxassislarini birlashtirgan. Uyushma “Yashil shahar” ko‘ngillilar harakatining tashkilotchisi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur uyushma Toshkent va Buxorodagi o‘nlab maskanlarda professional obodonlashtirish ishlarini olib borgan. Toshkent va Buxoroda COVID-19`dan vafot etgan shifokorlar xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira xiyoboni”ni obod qilish, Taskin bolalar xospisida ko‘chat ekish, 1937−1942-yillarda qatag‘on qilingan o‘zbeklarga bag‘ishlangan Xotira bog‘ida obodonlashtirish ishlarini olib borish shular jumlasidan. “Ushbu ijtimoiy loyihalarning asosiy yutug‘i O‘zbekiston aholisining mustaqil ravishda ko‘chat ekish tashabbusi bo‘lganidadir”, — deyiladi uyushma xabarida.