21-aprel oqshomida Uzbekistan Airways tomonidan bir yilga ijaraga olingan Airbus A330 samolyoti Toshkent aeroportiga qo‘ndi. Bu O‘zbekiston aviatashuvchilar parkidagi bunday turdagi birinchi avialaynerdir.

Havo kemasi milliy musiqa va raqs sadolari ostida an’anaviy tarzda suv arkasi bilan kutib olindi. Samolyotni Uzbekistan Airways rahbariyati, shuningdek, Transport vazirligi va boshqa idoralar vakillari kutib oldi.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

Uzoq masofaga uchuvchi keng fyuzelyajli A330−200 (ro‘yxatga olish raqami LY-TKL, 2009-yilda ishlab chiqarilgan) Litvaning Heston Airlines kompaniyasidan ijaraga olingan bo‘lib, nafaqat samolyot, balki butun ekipaj, texnik xizmat ko‘rsatish va sug‘urta xarajatlari ham ijaraga beruvchi tomonidan qoplanadi. Yana bir xuddi shunday samolyotning may oyi boshida yetib kelishi kutilmoqda.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

Layner saloni 266 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, shu jumladan biznes-klassda 18 ta, ekonomda esa 248 ta. Parvoz masofasi 12 ming km. U 3 soat yoki undan ortiq davom etadigan parvozlar uchun mo‘ljallangan.

“Ikkita A330 ni ijaraga olish to‘g‘risidagi qaror jadvalimizni qoplash uchun qabul qilingan. Ushbu tip Uzbekistan Airways samolyotlari komponovkasiga (salon tuzilishi — tarj.) eng ko‘p mos keladi”, — dedi Uzbekistan Airways raisining savdo va turizm bo‘yicha o‘rinbosari Shuhrat Yadgarov “Gazeta.uz”ga. — Hozirda kompaniyaning deyarli barcha samolyotlarida 246 dan 270 gacha o‘rindiqlar mavjud va biz ushbu masofada butun yo‘nalish tarmog‘i bo‘yicha parvoz qilishimizga yordam beradigan samolyotni topishimiz kerak edi”.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

“Aviakompaniyaning vazifasi, bu — laynerdan to‘xtovsiz foydalanish jarayonini tashkil etishdan iborat, — dedi u. — U yoki bu samolyotdan foydalanish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan taqdirda, biz uni almashtirish uchun shunga o‘xshash konfiguratsiyadagi samolyotni o‘rnatishimiz kerak. Shu sababli, strategik jihatdan kompaniya 270 o‘rindiqli kompanovkani ushlab turishga harakat qiladi”.

Samolyotlarni ijaraga berish bo‘yicha muzokaralar olti oy davom etdi. Bu jarayon ko‘plab qismlardan iborat — narx siyosati, texnik masalalar muhokama qilindi, so‘ngra samolyotni tekshirish o‘tkazildi va ularni ijaraga olish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

Ekipajlar bilan birgalikda Heston Airlines kompaniyasi rahbariyati, jumladan, CEO (bosh direktor) Yonas Rinkauskas ham Toshkentga yetib keldi. Yaqin kunlarda ular samolyotni ekspluatatsiyaga tayyorlash jarayonida ishtirok etadi, shundan so‘ng ular Litvaga qaytib, masofadan turib ishlashni davom ettiradi.

Ehtiyot qismlarning bir qismi tezkor ta’mirlash ishlari zarur bo‘lgan taqdirda Toshkent aeroportining erkin iqtisodiy zonasida joylashtiriladigan A330 samolyoti bortida yetkazib berildi. Ekipaj tarkibiga texnik xodimlar ham kiradi.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

Uzbekistan Airways matbuot xizmatining xabar berishicha, dastlabki bosqichda yetib kelgan samolyot Toshkentdan Istanbul, Dubay va Jidda yo‘nalishlarida qo‘llanilishi rejalashtirilgan. Birinchi tijoriy reysni 23-aprel kuni Istanbulga amalga oshirish mo‘ljallangan.

Samolyot qisqa muddatli ijaraga olingani sababli uni O‘zbekistonning asosiy aviatashuvchisi an’anaviy “libosi” ko‘rinishida bo‘yalmagan, balki “minimalizmni tanlashdi”, dedi Uzbekistan Airways vakili.

Samolyot butunlay oq rangda, faqat yon tomonlarda illyuminatorlar ustida Uzbekistan Airways, yozuvi, quyrug‘i va dvigatellarida esa aviakompaniya logotipi tasvirlangan. Ayni paytda kompaniya o‘z samolyotining an’anaviy “libosi”ga “yangilik olib kirish” rejalarini ko‘rib chiqmoqda.

A330 dunyodagi eng ko‘p qo‘llaniladigan o‘rta va uzoq masofali samolyotlardan biridir, ammo uni ishlab chiqarish allaqachon to‘xtatilgan. Uzbekistan Airways ushbu turdagi samolyotlardan foydalanishni yil davomida boshqa samolyotlar kelishidan oldin sinovdan o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

a330-200, airbus, heston airlines, uzbekistan airways

2022-yilda aviakompaniya parki beshta A321Neo samolyoti bilan to‘ldirildi. Airbus kompaniyasi bilan 2023-yil oxirigacha 4 ta yangi A320Neo va 2029-yilgacha 12 ta samolyot sotib olish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.