Jahon banki Ijrochi direktorlar kengashi “O‘zbekistonda chorvachilikni rivojlantirish. 2-bosqich” loyihaсинимаъқуллади. Uni amalga oshirish doirasida mamlakatda mahsuldor, raqobatbardosh, inklyuziv va iqlim o‘zgarishiga chidamli chorvachilik tarmog‘ini yaratishga ko‘mak beriladi, deyiladi Jahon banki xabarida.

Jahon banki mazkur loyihani amalga oshirish uchun texnik ko‘mak, ilg‘or xalqaro bilimlar va tajriba, hamda 240 million dollar miqdorida moliyalashtirish taqdim etadi. Moliyalashtirish Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining (XTA) 150 million dollarlik imtiyozli kreditini (so‘ndirish muddati 30 yil bo‘lib, shundan besh yili imtiyozli davr) hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining (XTTB) 90 million dollarlik past foizli qarzini o‘z ichiga oladi (so‘ndirish muddati 24,5 yil bo‘lib, shundan 4,5 yili imtiyozli davr). XTA va XTTB Jahon banki guruhi tarkibiga kiradi.

Chorvachilik milliy iqtisodiyotning asosiy sohalaridan biridir. Uning hisobiga O‘zbekiston YAIMining 13 foizi, qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarilgan YAIMning qariyb 50 foizi to‘g‘ri keladi. Ushbu soha qishloqdagi uy xo‘jaliklari daromadlarining 45 foizdan 67 foizgacha bo‘lgan qismini ta’minlaydi va barcha qishloq xo‘jaligi mehnatkashlarining qariyb 27 foizini ish bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, chorvachilik mamlakatdagi barcha issiqxona gazlari emissiyasining 13 foizdan ortiq qismining va qishloq xo‘jaligi chiqindilari katta qismining manbai hisoblanadi.

O‘tgan o‘ttiz yilda chorvachilik mahsulotlari yetishtirish ko‘paydi. Biroq, misol uchun, Rossiya, Turkiya, Qozog‘iston kabi qo‘shni davlatlar bilan solishtirganda sohada mahsuldorlik hali ham pastligicha qolmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar hali ham chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan ichki ehtiyojni qondira olmayaptilar. Prognozlarga ko‘ra, 2035-yilga borib, agar keyingi o‘zgarishlar yuz bermasa, mamlakatda sut va go‘sht yetishtirish ichki ehtiyojning mos ravishda atigi 59 va 52 foizini qondiradi.

O‘zbekistonda kichik fermerlar (dehqonlar) soni qariyb 4,8 million kishini tashkil etadi. Dehqon xo‘jaliklarida chorvachilikning mahsuldorligi fermer xo‘jaliklari va agrofirmalarga qaraganda ancha past. Sigirlarning sut mahsuldorligi dehqon xo‘jaliklarida kuniga o‘rtacha 3 litr, fermer xo‘jaliklarida 8 litr, agrofirmalarda 20 litr. Zamonaviy ishlab chiqarish vositalari, axborot, texnologiyalar va moliyadan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash dehqon xo‘jaliklarining ishlab chiqarish unumdorligini oshirish imkonini beradi.

“Yangi loyiha hukumatga 2022−2026-yillarda O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish dasturini amalga oshirishga yordam beradi. Bu, mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish, mahsuldorlik va daromadlarni oshirish, chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning bozor, texnologiyalar va moliyadan foydalanish imkoniyatini yaxshilash, chorvachilik sohasida ekologik va iqlim o‘zgarishlariga chidamli ishlab chiqarish — sotish zanjirlarini yaratish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan”, — dedi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.

“Loyiha, shuningdek, yuqumli kasalliklarning oldini olish, aniqlash, ularga javob choralarini ko‘rish va davolash maqsadida inson, hayvonot dunyosi va ekotizim salomatligi o‘rtasidagi munosabatlarni hisobga oladigan „Yagona salomatlik“ konsepsiyasining mamlakatda keng joriy etilishiga xizmat qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Mantovanelli.

Loyiha yo‘nalishlari

Yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun loyiha quyidagi tadbirlarni amalga oshirishga ko‘mak beradi:

1) Chorvachilik sohasida davlat xizmatlarini rivojlantirishga investitsiyalar. Ushbu yo‘nalish doirasidagi loyiha tadbirlari mahsuldorlikni, raqobatbardoshlikni, inklyuzivlikni (ayniqsa, dehqonlar va ayollar o‘rtasida) va iqlim o‘zgarishiga barqarorlikni oshirish uchun mahalliy chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga qulay muhit yaratish maqsadida tegishli davlat institutlari faoliyatini va qonun hujjatlarini yaxshilashni o‘z ichiga oladi.

Loyiha O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining boshqaruv salohiyatini oshirishga, shuningdek, uning chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlari sifatini oshirishga imkon beradi. Xususan, milliy veterinariya axborot tizimini yaratish, laboratoriya infratuzilmasini yaxshilash, shuningdek, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi xodimlarining malakasini oshirishga ko‘maklashadi.

Loyiha butun mamlakat bo‘ylab chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga turli xizmatlar, jumladan, veterinariya xizmatlari, chorva mollari zotini yaxshilash, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha chorvachilik sohasidagi axborot-maslahat markazlari faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Loyiha shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab chorvachilik sohasidagi ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlanmalarga jalb qilingan davlat muassasalari salohiyatini rivojlantirishga ko‘maklashadi. Xususan, mazkur muassasalar xodimlarining malakasini oshirish, infratuzilmasini yaxshilash tadbirlari amalga oshiriladi.

2) Bozor va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalar, hamda, chorvachilik mahsulotlarini sotish bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish. Mazkur yo‘nalish doirasidagi loyiha faoliyati chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning sotish bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida yangi bozorlar va ishlab chiqarish obyektlarini qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha aholi salomatligini muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida xorijdan jonivorlar va chorvachilik mahsulotlari olib kirilishi ustidan nazoratni yaxshilashga ko‘maklashadi.

Shuningdek, jonivorlarning kelib chiqishini identifikatsiya qilish, sertifikatlash va aniqlashning milliy tizimini ishlab chiqish va ishga tushirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshiriladi.

3) Chorvachilik sohasida ekologik va iqlim o‘zgarishiga chidamli ishlab chiqarish — sotish zanjirlarini rivojlantirishga investitsiyalar. Mazkur yo‘nalishdagi loyiha faoliyati chorvachilik ishlab chiqaruvchilarining moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashga xizmat qiladi. Xususan, vakolatli mahalliy tijorat banklari ularga soddalashtirilgan tartibda kreditlar berish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular chorvachilik sohasida ekologik biznesini rivojlantirishga, korxonalar mahsuldorligini oshirishga va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatuvchi texnologiyalarni sotib olishga investitsiya qilinishi mumkin. Texnologiyalar chorvachilik ishlab chiqaruvchilariga issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirish, o‘zlarining ishlab chiqarish jarayonlari doirasida tabiiy va energiya resurslaridan samaraliroq foydalanish imkonini beradi.