Yevropa Ittifoqining Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Eymon Gilmor O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurdi. Uning dasturidan mamlakat hukumati a’zolari, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.

“Gazeta.uz” muxbiri bilan suhbatda Eymon Gilmor tashrif maqsadi va O‘zbekistondagi inson huquqlari ahvoliga qanday baho berishi haqida gapirdi.

— Tashrifingiz kun tartibi haqida gapirib bersangiz, O‘zbekiston hukumati bilan qanday mavzularni muhokama qilyapsiz?

— Yevropa Ittifoqining inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili sifatida doimiy ravishda turli mamlakatlarga xizmat safarlarini uyushtirib turaman va O‘zbekistonga tashrif ham ushbu dasturning bir qismidir. Lekin Markaziy Osiyo mamlakatlariga birinchi marta tashrif buyurishim emas, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bo‘lganman, shu haftaning oxirida esa Turkmanistonga boraman.

O‘zbekistonga tashrifim doirasida fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari, prezident Shavkat Mirziyoyev, tashqi ishlar, adliya, ichki ishlar vazirlari, bosh prokuror, ombudsman, Senat va Qonunchilik palatasi rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.

O‘zbekistonning o‘zida, shuningdek, mintaqadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat va ayrim xalqaro muammolarni, jumladan, Yevropa Ittifoqini tashvishga solayotgan Afg‘onistondagi o‘ta jiddiy vaziyatni muhokama qilamiz. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan savdo kelishuvlarini muhokama qilamiz. Va, albatta, muloqotlarimiz Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan bo‘ladi.

Mazkur tashrifni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terhi Xakala bilan birgalikda uning mintaqada amalga oshirayotgan muhim ishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qilmoqdaman.

O‘ylaymanki, ushbu tashrif O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lgani uchun ham muhim hisoblanadi. Mening tashrifim esa BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Volker Turkning bir necha hafta ilgari O‘zbekistonga qilgan tashrifi ortidan mazkur safar kontekstida ham amalga oshirilmoqda.

— O‘zbekistonda inson huquqlariga rioya qilish bilan bog‘liq vaziyatni qanday baholaysiz?

— Umuman olganda, mening fikrim Oliy komissar Volker Turk bergan bahoga mos keladi. U mustaqil O‘zbekiston inson huquqlarini to‘g‘ri hisoblamagan tuzilmalar meros bo‘lib qolganini, eski odatlardan voz kechish qiyinligini ta’kidlagan edi.

O‘tgan olti yil davomida erishilgan yutuqlar: prezidentning inson huquqlari tarafdori ekani va inson huquqlarini ta’minlashga sodiqligi, shuningdek, amalga oshirayotgan islohotlar: majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, ijtimoiy sohadagi islohotlar, gender tengligi sohasi, gender asosidagi zo‘ravonlikka oid qonunchilikni yangilash kabilar meni kuchli umidlantirdi. Menimcha, bu juda muhim qonunchilik akti.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumatining BMT bilan hamkorlik qilishga hamda BMTning inson huquqlari bo‘yicha turli masalalar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisini taklif etishga tayyorligini ta’kidlashni xohlar edim.

Lekin, albatta, har bir davlatda bo‘lgani kabi, hali qilinadigan ishlar ko‘p. Fuqarolik jamiyatining ahamiyatiga e’tibor qaratgan bo‘lardim. Sog‘lom fuqarolik jamiyati har bir mamlakat uchun, uning demokratiyasi, davlat boshqaruvi tizimi yaxshiroq ishlashi uchun, jamiyatning keng qatlamlari mamlakatdagi hayotiy jarayonlarga jalb qilinishi uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shu bois fuqarolik jamiyati bilan o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillarini osonlashtirish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishini rag‘batlantirish muhim ahamiyatga ega.

Men e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan yana bir soha — OAV erkinligi, so‘z erkinligi va yig‘ilishlar erkinligi. Butun dunyoda ommaviy axborot vositalarining tabiati o‘zgarmoqda va menimcha, hukumatlar bu o‘zgarishlarga javob berishlari kerak. Bu bilan men so‘z erkinligini ham nazarda tutyapman.

Tashrif chog‘ida men O‘zbekiston hukumatida Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish va biz bilan hamkorlikda ishlash istagini ko‘rdim. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar inson huquqlari va asosiy erkinliklarini kengaytirish borasida uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Ushbu tajribani O‘zbekiston bilan manfaatli tarzda baham ko‘rishimiz hamda mamlakatda inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish va rag‘batlantirish uchun konstruktiv hamkorlik qilishimiz mumkin.

— Ayollar va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha O‘zbekistonning yangilangan qonunchiligiga to‘xtaldingiz. Sizningcha, bu qonun qanchalik ilg‘or hamda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlarni davom ettirishi uchun O‘zbekistonning keyingi qadamlari qanday bo‘lishi kerak?

— O‘ylaymanki, bu oldinga tashlangan juda muhim qadam bo‘lib, ushbu hujjatning taklif etilgani va qabul qilingani ijobiy holat. Albatta, boshqa qonunlarda bo‘lgani kabi, asosiysi uning ijrosi, buni jarayonda ko‘rishimiz kerak.

Qolaversa, bu faqat qonunchilik masalasi emas, deb hisoblayman. Albatta, jinsga asoslangan, oilaviy va jinsiy zo‘ravonlikni jinoyat deb hisoblash juda muhimdir. Ammo jamiyatda zo‘ravonlikka toqat qilmaslik madaniyatini shakllantirish ham xuddi shunday dolzarb. Bu shunchaki sodir bo‘lmasligi kerak.

Biz qonunchilikni jamiyatning qanday rivojlanayotganiga uyg‘un ravishda ko‘rib chiqishimiz kerak. Hech qayerda ayollarning o‘z uylarida yoki tashqarida zo‘ravonlikka duchor bo‘lishlari, odamlar, jumladan bolalar jinsiy zo‘ravonlikdan himoyalanmaganligi odatiy holga aylanmasligi kerak. Insonlarning xulq-atvoriga ta’sir ko‘rsatish uchun qonunlarning qanchalik izchil tatbiq etilishi jamiyatdagi zo‘ravonlik muammosini hal etishda asosiy rol o‘ynaydi. Barqaror qonun ustuvorligi unga kamroq va kamroq murojaat qilish zaruratini keltirib chiqarishi kerak.

— Albatta, siz 2022-yil iyul oyida Nukusda yuz bergan fojiali voqealar bilan tanishsiz. O‘zbekistonda ularni tekshirish bo‘yicha parlament komissiyasi tuzilib, uning tarkibiga deputatlardan tashqari fuqarolik jamiyati vakillari ham kiritilgan. Komissiya ishi bilan tanishmisiz, agar shunday bo‘lsa, buni qanday baholaysiz?

— Darhaqiqat, yaqin ikki kun ichida men bu tergovning borishi haqida bilib olishim kerak. Tushunishimcha, bu ish hali tugallanmagan. Men tergovni yakunlashga chaqirdim, chunki nima bo‘lganini to‘liq tushunish kerak. O‘ylaymanki, biz ham sodir bo‘lgan voqealar, xususan, odamlarning o‘limi va jarohati uchun javobgarlikka erishishimiz kerak.

inson huquqlari, inson huquqlari bo‘yicha еи maxsus

Shunday ekan, komissiya o‘z ishini yakunlashini va hammamiz u bilan tanishishimiz uchun komissiya hisoboti qachon e’lon qilinishini intiqlik bilan kutaman. Bu, birinchidan, O‘zbekistonning o‘zida, ikkinchidan, xalqaro hamjamiyat uchun zarur, deb o‘ylayman. Bundan tashqari, manfaatdor shaxslarning shikoyatlari ko‘rib chiqilishi uchun ular bilan muloqot bo‘lishi kerak.

Lekin, yana aytaman, O‘zbekiston prezidentining ushbu voqealarga tezkor munosabati va komissiyaning tezkorlik bilan tuzilgani meni ruhlantirdi hamda bu ishning yakunlanishini, tayyorlaydigan hisobotlarini intiqlik bilan kutaman.

— Aprel oyi oxirida O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Tashrif chog‘ida Konstitutsiyaning yangi tahririda inson huquqlarining o‘rnini muhokama qilishga muvaffaq bo‘ldingizmi?

— Yangi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati to‘g‘risida fikr bildirish o‘rinli bo‘lmaydi, deb o‘ylayman, chunki uni mamlakat xalqi hal qilishi kerak. Men maslahatlashuv jarayoni bo‘lganini bilaman va buni olqishlayman. Faqatgina O‘zbekiston “Qonun yo‘li bilan demokratiya uchun” Venetsiya komissiyasidan maslahat so‘ramagani (komissiyaning asosiy vazifasi davlatlarga konstitutsiyaviy-huquqiy yordam ko‘rsatish — tahr.) hayratlanarli bo‘ldi. Lekin hozir O‘zbekiston xalqining referendumdagi qarorini kutyapmiz.

Har doim har qanday mamlakatda yangi konstitutsiya qabul qilinganda savollar tug‘iladi hamda bu o‘z ichiga konstitutsiyada bayon etilgan, so‘ngra qonunchilik shakliga tarjima qilingan bayonotlar va maqsadlarning umumiy tushunchalari haqiqiy ma’noga ega bo‘ladi. Men vazirlar bilan yangi konstitutsiya mazmunini qonunchilikda qanday aks ettirishini muhokama qildim.

Umid qilamanki, barchasi singari, yangi Konstitutsiya ham yangi O‘zbekistonning paydo bo‘lishini, bu esa mamlakatdagi barcha odamlar uchun yaxshi hayotni anglatadi.