18-aprel kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov videokonferensiya shaklida “Markaziy Osiyo — Xitoy” tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas’ul vazirlarning birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar qildi vazirlik matbuot xizmati.

Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari bilan XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, jumladan, savdo tartib-taomillarini erkinlashtirish va soddalashtirish, investitsiyalarni jalb qilish, ko‘p tomonlama savdo tizimini kengaytirish, mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, hududlararo hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida fikr almashildi.

Laziz Kudratov o‘z nutqida “Markaziy Osiyo — Xitoy” mintaqasining ulkan tranzit salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini, shuningdek, yuk tashishning uzluksizligini ta’minlash va transchegaraviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli yechimlarni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Hududlararo rivojlanishni chuqurlashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yangi o‘sish nuqtalarini kashf etish maqsadida 2023-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy hududlari rahbarlari forumini o‘tkazish taklif etildi.

Raqamli savdoni kengaytirish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi. “Raqamlashtirish davrida iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish dasturi”ni ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi. Unda mintaqa mamlakatlari IT-parklari negizida “Intellektual Ipak yo‘li” qo‘shma platformasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari imzolanishi rejalashtirilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, “Xitoy — Markaziy Osiyo” doirasida raqamli savdo sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha memorandumlar muvaffaqiyatli kelishilganini qayd etdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoyning iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda Markaziy Osiyo davlatlari va XXR o‘rtasida sanoat, investitsiyalar, iqtisodiyot va savdo sohalarida o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan o‘zaro hamkorlikni davom ettirish niyatlarini bildirdi.