Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida minginchi yubiley buyrak transplantatsiyasi bo‘lib o‘tdi, deya “Gazeta.uz”ga tibbiyot muassasasidan xabar berildi.

Operatsiya surunkali buyrak yetishmovchiligining so‘nggi bosqichida bo‘lgan ayolda o‘tkazildi, uning eri donor bo‘ldi. Bemorlar allaqachon normal hayotga qaytishgan.

Jarrohlik amaliyotining barcha bosqichlari, bemorlarni operatsiyadan oldingi va keyingi davolash tibbiyot markazining transplantologlar jamoasi tomonidan o‘zlashtirildi. Bugungi kunda jarrohlar bir ish kunida bir vaqtning o‘zida tirik qarindosh donordan ikkita buyrak transplantatsiyasini amalga oshirmoqda.

Bu operatsiyalar bir vaqtning o‘zida to‘rtta operatsiya xonasida to‘rtta jarrohlar guruhi tomonidan amalga oshirilishini anglatadi: ikkita guruh buyrak namunalarini olish, ikkita jamoa esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri transplantatsiya jarayonida ishlaydi.

Operatsiya guruhlariga qon tomir jarrohligi va buyrak transplantatsiyasi kafedrasi mudiri, professor Fazlitdin Shamsitdinovich Baxritdinov boshchilik qilmoqda.

Transplantatsiya dasturining joriy etilishi nafaqat poytaxtimizda, balki O‘zbekistonning viloyatlari va boshqa chekka hududlarida ham transplantatsiya yordami hajmini oshirish hamda a’zolari terminal shikastlangan bemorlarni davolash natijalarini yaxshilash imkonini bermoqda. Buyrak transplantatsiyasi bemorlarga hayotini yanada sifatli davom ettirish imkoniyatini beradi.

So‘nggi yillarda buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalari soni keskin ko‘payib, yiliga 300 dan ortiq operatsiyaga yetdi, deya ta’kidlanadi jarrohlik markazi xabarida.

“Bizda pediatriya transplantatsiyasi bo‘yicha ham tajribamiz bor. Bolalar transplantatsiyasining o‘ziga xos xususiyatlari va qiyinchiliklari mavjud, ammo bu eng muhim yo‘nalish bo‘lib, jahon statistikasida ham bolalar transplantatsiya va dializga ko‘proq muhtojligi ko‘rinmoqda. Ayni paytda biz turli yoshdagi bolalarga 50 ga yaqin muvaffaqiyatli transplantatsiyani amalga oshirdik”, — deyiladi xabarda.