Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimligi oila va xotin-qizlar bo‘limi14 yoshli qizning otasi va o‘gay onasi tomonidan kaltaklangani yuzasidan munosabat bildirdi.

Hokimlikning ma’lum qilishicha, Koson tumani “Qorabayir” mahallasida yashovchi fuqaro R. Toshev (vaqtincha ishsiz, mavsumiy ishlar bilan band) 2002-yilda G. Sayidova bilan qonuniy nikohdan o‘tib, turmushlari davomida bir o‘g‘il, bir qiz farzandli bo‘lishadi. Biroq G. Sayidova 2018-yilda avtohalokatga uchrab vafot etadi. R. Toshev sha’riy nikoh asosida M. Muysinova bilan turmush quradi va uning ham ikki nafar farzandi bor.

“Voqea sodir bo‘lgan kuniyoq mazkur voqeadan mahalla xodimlari, tuman hokimligi, oila va xotin-qizlar bo‘limi xabar topib, tuman ichki ishlar organlariga otaning harakati bo‘yicha xabar berilgan, o‘sha kuniyoq ekspertiza tayinlanib, hozirgi kunda xulosalari ko‘rib chiqilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Hozirgi kunda qiz mahalla qaramog‘iga olingan hamda uning xavfsizligi ta’minlangan. Shuningdek, bola va otaning roziligi asosida uni vasiylikka berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq qizning otasi ruhiy kasalliklar dispanseriga tekshirish uchun yuborilgani ma’lum qilingan edi.