Andijon viloyati Baliqchi tumanida turmush o‘rtog‘ini bo‘yoq suyultirgich bilan yoqib yuborgan erkak 17 yilga qamaldi. Bu haqda viloyat sudlari matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, holat 2022-yil 13-iyun kuni sodir bo‘lgan. 43 yoshli sudlanuvchi X.Q. o‘sha kuni soat 21:00 da ikkinchi — shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i D.S.ning uyiga borgan. Xonadonda hech kim yo‘qligiga va D.S.ning yotoqxonada yolg‘iz uxlayotganiga ishonch hosil qilgach, o‘zi bilan olib kelgan idishdagi bo‘yoq suyultirgich moddasini ayolning ustiga sepgan. D.S. bu holatdan qo‘rqib uyg‘ongan vaqtida erkak qo‘lidagi yondirgich bilan uni yoqib yuborgan. Ayol o‘zini qutqarish maqsadida uy hovlisiga chiqib, ustidan suv quygan.

Uning olovni o‘chirishga uringanini ko‘rgan X.Q. yana bir idishdagi bo‘yoq suyultiruvchi moddani ayolga sepib, yoqib yuborgan. Ayol yana ustiga suv quyib, ko‘chaga qochib chiqqan va qo‘shnisining uyiga yashirinib olgan. Biroq D.S.ga ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, u olgan jarohatlari tufayli 26-iyun kuni shifoxonada vafot etgan.

Sud tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, D.S.da tananing 97 foizi AB 1−2−3 darajali kuyishi, kuyish shoki og‘ir darajasi, kuyish xastaligi, o‘tkir holda poliorgon yetishmovchiligi aniqlangan. Ushbu jarohatlar yuqori harorat ta’siri, ya’ni alanga ta’siridan hosil bo‘lgan. Jarohatlar hayot uchun xavflilik mezoniga ko‘ra, og‘ir tan jarohatlari belgilariga ega.

X.Q. mazkur jinoyatni qilishiga D.S. bilan munosabatlari sovuqlashgani sabab bo‘lganini ta’kidladi. O‘rganishlar davomida uning yana boshqa jinoyat sodir etgani ham ma’lum bo‘ldi.

2022-yil 24-oktabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Baliqchi tuman sudida o‘qilgan sud hukmida qayd etilishicha, X.Q. 2020-yilda fuqaro O.Sh.ning ishonchiga kirib, baliq mahsulotlari bilan shug‘ullanishi uchun 4 ming dollar kerakligini, agar berib tursa, bir oyda qaytarib berishini aytib pul olgan. Shundan so‘ng qarzini qaytarmaslik maqsadida turli bahonalar qilib, 2020-yil aprelidan dekabrigacha O.Sh.dan jami 14 ming dollar mablag‘ni firibgarlik bilan qo‘lga kiritgan.

Sud hukmi bilan X.Q. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish, ya’ni o‘ta shafqatsizlik bilan) va 168-moddasi 3-qismining “a” bandi (Firibgarlik)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan uzil-kesil o‘tash uchun 17 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shuningdek, X.Q.dan jabrlanuvchi A.X. foydasiga jami 12 500 dollar miqdorida moddiy zarar undirish belgilangan.