17-aprel kuni hukumatning aerovokzal, temir yo‘l va avtobus vokzallarida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjat bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, aerovokzal majmualari binolariga kirish joylariga yaqin kelib to‘xtash uchun faqat yo‘nalishsiz va yo‘nalishli taksilarga ruxsat etiladi. Shaxsiy avtomobillar va jamoat transporti yo‘lovchilarni, tashrif buyuruvchilarni olib ketish hamda olib kelish uchun mo‘ljallangan avtomobil turargohi va to‘xtash joylariga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, estakadadan foydalanish uchun yo‘lovchi tashish avtotransportlariga ruxsat beriladi. Bunda yengil avtotransportlarga estakadada 5 daqiqagacha hamda avtobus va mikroavtobus avtotransport vositalariga 10 daqiqagacha to‘xtab turishi mumkin bo‘ladi.

Barcha turdagi avtotransport vositalari aerovokzallar majmualari chegarasidan 30 metrdan kam bo‘lmagan masofada joylashtiriladi.

Temir yo‘l vokzallarida ko‘zdan kechirishdan o‘tish vaqti yo‘lovchilarning poyezdga chiqishga kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur. Biroq bunda ko‘zdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida ko‘zdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qarorga ko‘ra, avtomobil va temir yo‘l vokzallarida tashrif buyuruvchilarning perrongacha bo‘lgan hududda bo‘lishiga hamda vokzal va uning hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Hujjat bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • aeroportlarning aerovokzal majmualarida va vokzal oldidagi maydonlarda xavfsizlikni ta’minlash tartibi to‘g‘risida;
  • temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning temir yo‘l vokzallarida (stansiyalarida) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida;
  • avtovokzallarda (avtostansiyalarda) yo‘lovchilar va tashrif buyuruvchilarning qo‘l yuki va bagajini ko‘zdan kechirish, ularning avtovokzallarda (avtostansiyalarda) bo‘lishi tartibi to‘g‘risida.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent xalqaro aeroporti estakadasi orqali avtotransport vositalari harakati 2021-yil 10-iyuldan boshlangandi.