Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Uzun tumanidagi 31-maktabda bo‘lgani aytilgan, o‘qituvchilar ommaviy do‘pposlangani aks etgan video tarqaldi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’lim boshqarmasi holat yuzasidan o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi.

Videoda erkak yig‘ilish davomida 6 nafar o‘qituvchi ayoldan 2 nafarini birma-bir kaltaklaganini ko‘rish mumkin. Dastlab ulardan birining yuziga musht tushirib yiqitgan va xonani tark etgan. Qaytib kelib, ikkinchisini ham urib yiqitgan. So‘ngra birinchi o‘qituvchiga yana qo‘l ko‘tarib, uni tepgan.

18-aprel kuni ushbu voqea bo‘yicha viloyat boshqarma boshlig‘i X.Mamadiyev Uzun tumaniga borgan. Holat ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda videoning qachon qayerda va qanday holatda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalari har tomonlama qonun doirasida ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.