Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov 17-apreldagi qarori bilan Rustam Abdulahatovich Yusupov shahar hokimligi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bungacha u boshqarma rahbarining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Yanvar oxirida, sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev iste’foga chiqqanidan ko‘p o‘tmay, Anvar Umarov ishdan bo‘shatilgandi. Shundan so‘ng bu lavozim bo‘sh qolgan edi.

Rustam Yusupov 1986-yil 12-noyabrda Namangan viloyati Chortoq tumanida tavallud topgan. Toshkent davlat agrar universiteti (2008) va O‘zbekiston prezidenti qoshidagi davlat boshqaruv akademiyasini (2020) tamomlagan.

2007-yildan 2020-yilgacha Yunusobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritgan Rustam Yusupov 2020-yil noyabr oyida shahar obodonlashtirish bosh boshqarmasiga ishga o‘tgan.

Sobiq rahbar Anvar Umarov esa o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Bu o‘zgarish o‘sha vaqtdagi hokim v.b. Baxtiyor Rahmonovning 27-yanvardagi qarorida keltirib o‘tilgan. Anvar Umarovning o‘zi ushbu lavozimda 2021-yilning noyabr oyi oxiridan beri ishlab kelayotgandi (Sanjar Umatov o‘rniga tayinlagandi).

Bungacha u prezident qarori bilan aholini elektr va gaz bilan ta’minlashdagi inqiroz tufayli ishdan olingan sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning yordamchisi bo‘lib ishlagan.