Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida o‘rmon xo‘jaligiga qarashli 3 gektar yer maydonini noqonuniy sotishga urinishning oldi olindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati.

Fuqaro A.N. tanishlari yordamida hujjatlarni fuqaro R.T.ning nomiga rasmiylashtirib, yerni 25 ming AQSh dollariga sotishni va’da qilgan. Oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.