O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi futbolchisi Shaxriyor Jabborov doping testi tufayli futboldan vaqtincha chetlashtirilgani haqida xabar berilgandi. Sportchi ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rganib chiqilmoqda, deya ma’lum qildi O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, Osiyo futbol konfederatsiyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan U-20 Osiyo kubogi bo‘yicha tibbiy xulosasini taqdim etgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston — Avstraliya uchrashuvidan keyingi doping tekshiruvda terma jamoaning bir nafar futbolchisi — Shaxriyor Jabborovda taqiqlangan modda aniqlangan.

“Ushbu tekshiruv „A“, ya’ni birinchisi hisoblanib, undan so‘ng „B“ qo‘shimcha tekshiruvi o‘tkaziladi. Aynan ikkinchi tekshiruvdan so‘ng yakuniy qaror chiqariladi”, — deya ta’kidlanadi xabarda.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati boshchiligida mazkur holatni to‘liq o‘rganib chiqish yuzasidan ichki tekshiruv boshlangan. Unda futbolchi, tibbiy qo‘mita mutaxassislari, terma jamoa hamda klub shifokorlari ishtirok etmoqda.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, Jabborov ehtiyotsizlik sabab sifatsiz biologik faol moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi ehtimoli o‘rganib chiqilmoqda.

Assotsiatsiya turnir davomida O‘zbekiston U-20 terma jamoasining aksariyat futbolchilari doping tekshiruvdan o‘tgan va hech kimda taqiqlangan vositalar aniqlanmaganini qo‘shimcha qildi.

20 yoshli Shaxriyor Jabborov Toshkentning “Paxtakor” klubida to‘p suradi. U O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida finalda Iroqni mag‘lub etib (1:0) U-20 Osiyo kubogi chempioniga aylangandi.