Argentina 2023-yilgi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi U-20 jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu haqda FIFAning rasmiy saytida e’lon qilindi.

Delegatsiya a’zolari musobaqa o‘tkazish uchun taklif qilingan joylar va tegishli infratuzilmani borib ko‘rdi. Mezbonlik shartnomasi mezbon va mahalliy hokimiyat tomonidan boshqa barcha tegishli hujjatlar bilan birga AFA tomonidan imzolangan.

Turnir sanalari 20-may — 11-iyun kunlari bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, mundialga qur’a tashlash marosimi 21-aprel kuni Syurixda o‘tkaziladi.

“Turnirda to‘rtta jamoadan iborat oltita guruh qatnashadi. Mezbonlik huquqini qo‘lga kiritgan Argentina Indoneziyaning o‘rniga musobaqada ishtirok etadi. Argentina FIFA U-20 jahon chempionati tarixidagi eng muvaffaqiyatli davlat bo‘lib, olti marta turnirda g‘alaba qozongan, oxirgi marta 2007-yilda. Mamlakat 2001-yilda ham musobaqaga mezbonlik qilgan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq FIFA Indoneziyani mazkur chempionat mezbonligidan chetlatishga qaror qilgandi. Bunga mamlakat aholisi Isroil terma jamoasining turnirda qatnashishiga ruxsat bermaslikni talab qilgani va 31-martga belgilangan qur’a tashlash marosimini ortga surgani sabab bo‘lgandi.

Mazkur turnirda mart oyida Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi ham ishtirok etadi.