O‘zbekiston Madaniyat vazirligi “O‘zavtosanoat” tuzilmasiga kiruvchi korxonadan 15,5 mlrd so‘mga ikkita yuk mashinasi xarid qilgani ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Vazirlik buni prezident qarorida keltirilgan vazifa ekanligini ta’kidlagandi. “Madaniyat karvoni” uchun mo‘ljallangan mazkur avtotransportlar Turin politexnika universiteti bilan birga mukammal ishlab chiqish, tayyorlash va zarur uskunalar bilan jihozlash choralari ko‘rilib, Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgandi.

16-aprel kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining old maydonida ushbu maxsus avtotransport vositasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov.

Turin politexnika universiteti texnoparki muhandisi Jasur Mustafoyevning so‘zlariga ko‘ra, tegishli musiqa texnikasi va sahnaga ega ushbu maxsus avtotransport vositasining texnik parametrlari: ko‘rinishi, uskunalar soni, chizma sxemasi va boshqalari mutaxassislar tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqildi.

”davlat

Jasur Mustafoyev. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Bu zamonaviy avtotransport vositalari xorij davlatlari, xususan, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, AQSh va Xitoydan keltirilgan maxsus uskunalar yordamida tayyorlandi. Transformer JV MAN Auto-Uzbekistan MCHJ qo‘shma korxonasida Turin politexnika universiteti bilan birgalikda jihozlandi. Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan qo‘yilgan texnik talablar asosida ishlab chiqishga ikki oy vaqt ketdi. Jarayonda asosan, universitetning bitiruvchi muhandislari mehnat qildi”, — dedi u.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Uning aytishicha, transport vositasining umumiy og‘irligi 25 tonnaga yaqin bo‘lib, dizel yoqilg‘isida harakatlanadi. Har 100 km uchun o‘rtacha 18−20 litr dizel sarflanadi.

“Sahnani qurish jarayonida salkam 10 kishi ish olib boradi va buning uchun 2−2,5 soat vaqt ketadi. Transport vositasi ichida elektr energiyasi bilan ta’minlab beradigan alohida generator o‘rnatilgan. Generator uchun soatiga to‘rt litrdan dizel yoqilg‘isi sarflanadi”, — dedi Jasur Mustafoyev.

Muhandisning ta’kidlashicha, bu avtotransportlar orqali olis qishloq va ovullarda ham bemalol sifatli madaniy tadbirlar o‘tkaziladi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Bularning afzalligi shundaki, oldinlari A. hududdan B. hududga borish uchun ijodiy guruhning texnikalariga alohida bir qancha katta yuk mashinalari ajratilardi. Bu orqali texnik tomonlama muammolar tug‘ilardi. Qisqasi, transport va logistika hamda sahna qurishga ko‘p vaqt ketardi. Ushbu maxsus transformer vositasi esa qator qulayliklar yaratadi. O‘zbekistonning eng olis hududlariga ham borib, konsert va tomoshalar qo‘yish mumkin. Ahamiyatli jihati, mazkur kompleks Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi, qo‘shni mamlakatlarda bundan yo‘q”, — dedi mutaxassis.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Jasur Mustafoyevning qayd etishicha, monitor, ovoz kuchaytirgich va chiroqlar pult orqali masofadan turib boshqariladi. “Chiroq va akustikalar uchun kamida 5 yil muddatga kafolat berilgan. Ovoz moslamalarining mo‘ljallagan auditoriyasi 10 ming kishini qamrab oladi”, — dedi Turin politexnika universiteti texnoparki muhandisi.

Jurnalistlar bilan suhbatda madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ushbu transport vositalari nima maqsadda xarid qilinganini tushuntirishga urindi.

“Juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘lgan maxsus transportimizni ayni paytda taqdimot qilyapmiz. O‘zim ham buning imkoniyatlari bilan hozir tanishyapman. Eng chekka hududlarda madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun na amfiteatr bor, na konsert saroylari bor. Olis joylardagi aholi, ayniqsa, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va yosh bolalar tuman yo viloyat markaziga doim ham borolmaydi. Shuning uchun ko‘chma sahna sifatida ikkita maxsus avtoransport xarid qildik. Bular yil davomida uzoq joylar, hatto tog‘li hududlarga, umuman, mamlakat bo‘ylab yuradi va xalqqa xizmat ko‘rsatadi”, — dedi vazir.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur transport vositalari eng oxirgi texnikalar bilan jiholangan. “Hozir bu avtotransportdan ikkita olib keldik. Agar har bir viloyatga bittadan xarid qilib olsak, xalqimizga madaniy xizmat ko‘rsatish imkoniyatimiz yanada kengayadi. Eng muhimi, ovoz kuchaytirgich, chiroq kabi uskunalarning hammasi eng so‘nggisi hisoblanadi. Bu texnikalar 10−12 yil davomida eskirmasdan, odamlarga xizmat qiladi”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.

Avvalroq, hukumat vakili Ozodbek Nazarbekov ushbu transport vositalarini zamonaviy ko‘rinishdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyining kichraytirilgan bir sahnasi degandi hamda ularlarning xarid qilinishini vazirlikning “juda katta yutug‘i” deb aytgandi.

“Odamlarimiz xohlasa eng rivojlangan davlatda bo‘layotgan namoyishlarni ham ko‘rish imkoniyatiga ega. Xalqimiz eng yuqori darajada tashkil etilgan tadbirlarni ham tomosha qilyapti, dunyoni ko‘ryapti. Buni to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Lekin oddiy qora parda oldida yoki shiyponda turib berayotgan konsertimiz aholiga qiziqarli bo‘lmayapti. Shuning uchun biz ham yuqori darajada xizmat ko‘rsatish maqsadida sotib oldik”, — degan edi vazir.