Ijtimoiy tarmoqlarda Xonobod shahar hokimligi xodimi pichoqlangani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning “Gazeta.uz”ga mu’lum qilishicha, pichoqlangan shaxs hokimiyat xodimi emas. U Respublikadagi qo‘mitalarning birida faoliyat yuritadi. “Tergov jarayoni va shaxsga tashqi ta’sir bo‘lmasligi uchun uning aniq ish joyini ochiqlay olmayman. Fuqaro tirik qolgan”, — deya ma’lum qildi Hayot Shamsutdinov.

Andijon viloyati prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 15-aprel kuni Andijon viloyati Xonobod shahrida sodir bo‘lgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) hamda 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Jinoyat ishi yuzasidan 1 nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi (Ushlab turish asoslari) tartibida ushlangan”, — deyiladi axborotda.

Ta’kidlanishicha, hozirda jinoyat ishi yuzasidan Xonobod shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.