O‘zbekiston 20 yoshgacha bo‘lgan yoshlar terma jamoasi yarim himoyachisi Shaxriyor Jabborov doping test natijalari tufayli futboldan vaqtincha chetlashtirildi. Bu haqda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Tartib-intizom qo‘mitasining 15-apreldagi qarorida xabar qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, futbolchining 11-mart kuni Toshkentda Avstraliyaga qarshi chorak final uchrashuvi kuni topshirgan doping-testi “taqiqlangan modda aniqlangani” tufayli ijobiy natija bergan.
Yakuniy qaror chiqqunga qadar OFK Tartib-intizom qo‘mitasi Jabborovni futbol bilan bog‘liq barcha tadbirlar, jumladan, ichki, xalqaro o‘rtoqlik va rasmiy o‘yinlardagi ishtirokini vaqtinchalik to‘xtatishga qaror qildi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
20 yoshli Shaxriyor Jabborov Toshkentning “Paxtakor” klubida to‘p suradi. U O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi tarkibida finalda Iroqni mag‘lub etib (1:0) U-20 Osiyo kubogi chempioniga aylangandi.