Farg‘ona viloyatida 8 oylik qizini 10 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi, deb xabar berdi Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati.

Farg‘ona shahridagi Yangi asr ko‘chasida joylashgan massajxonada yashab, shu yerda ishlagan ayol oilaviy sharoiti yomon ekani uchun qizini sotib, Uchko‘prik tumanidagi ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lganini bildirdi.

IIV va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari onani Uchko‘prik tumani Katta kenagas qishlog‘ida mahalliy fuqarodan pul olayotgan vaqtida qo‘lga oldi.

Hibsga olingan ayol qilmishidan pushaymon ekanini ma’lum qildi. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.