Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda Turkmaniston Milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatiga ko‘ra, dastlab davlat rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovga og‘ir judolik — onasi Ogulabat edje Berdimuhamedova olamdan o‘tgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Suhbatda ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosining borishi muhokama qilindi. Yil boshidan buyon o‘tgan ikki tomonlama muloqotlar — Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, siyosiy maslahatlashuvlar, transport va madaniyat vazirlarining uchrashuvlari, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgani 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan boshqa tadbirlarning samarali natijalari qayd etildi.

Savdo-iqtisodiy, energetika va suv xo‘jaligi sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi. Telefon muloqoti yakunida yetakchilar bir-birini va qardosh mamlakatlar xalqlarini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan qutladi.

O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga buvisining vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.

Suhbatda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Yaqinda o‘tkazilgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, tashqi siyosiy idoralar, transport, madaniyat vazirliklari doirasidagi uchrashuvlar va boshqa tadbirlarning samarali natijalari ijobiy baholandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari, eng avvalo, “Shovot-Toshovuz” chegaraoldi savdo sonasini tashkil etish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.