Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyat yuz bergani aks etgan video tarqaldi. Tasvirda ko‘rish mumkinki, bir qancha fuqarolar holatni tasvirga olish uchun voqea bo‘layotgan xonaga kirgan, u yerda 3 nafar xodim va 2 nafar fuqaro bo‘lgan.

Yerda yotib baqirayotgan fuqarodan ichki ishlar xodimini ajratib olishgach, IIO xodimlaridan biri “bo‘ldi, javob berilsin”, “bo‘ldi, mana shu yetadi”, “bo‘ldi, ruxsat ber” degan so‘zlarni aytgan.

Shundan so‘ng boshqa bir fuqaro xodimdan nima uchun tadbirkorlik faoliyatiga xalal berayotganini so‘ragan. Organ xodimlaridan biri “o‘zingdan ketma, bola”, deya fuqaroning quloqlarini ushlagani aks etgan. Fuqaro esa hammasi syomka bo‘layotganini aytgan, xodim “syomka bo‘lsin”, deya javob qaytargan. IIO xodimlaridan biri holat tasvirga olinishiga qarshilik ko‘rsatib, videoga olayotgan fuqaroning qo‘lidagi qurilmani qo‘li bilan urgan.

Holat bo‘yicha Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 13-aprel kuni Shahrixon tumani IIB voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixolog mayor S.Kamolitdinov “Eshonqishloq” mahallasida xizmat olib borayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda mahalla hududidan 2004-yilda tug‘ilgan fuqaro Sh. Sh. boshqaruvidagi Labo avtomashinasi yo‘l harakati qoidalarini buzib, 2006 va 2007-yilda tug‘ilgan bolalarni transport vositasi yukxonasida olib ketayotganini ko‘rib, to‘xtatgan. Avtomashina haydovchisi bolalar yukxonadan tushib qolishi bilan voqea joyidan yashiringan.

Shundan so‘ng holatni rasmiylashtirish maqsadida mayor S.Kamolitdinov va hudud profilaktika inspektori kapitan D.Qosimov “Quruqsoy” mahallasida joylashgan 25-sonli huquq-tartibot maskanida voyaga yetmagan bolalarni olib borgan. Ular bilan suhbatlashayotgan vaqtida Labo haydovchisi Sh. Sh., uning akasi B.Sh. va tanishi J.B. kelib, avtomashinaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llamaslikni, uning jarima maydoniga joylashtirilishi tadbirkorlik faoliyatiga ziyon yetkazishini aytib, xodimlarning harakatlariga qarshilik ko‘rsatgan. Shuningdek, xizmat olib borayotgan xodimlarni haqorat qilib, ular bilan janjallashgan va mayor S.Kamolitdinovga jarohatlar yetkazgan.

“Tibbiy xulosaga ko‘ra, mayor S.Kamolitdinovga bosh yumshoq to‘qimalari hamda chap yelka ichki yuzasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, ko‘karishi va milk yumshoq to‘qimalarini lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan. Fuqaro B.Sh.da bo‘yin old qismida shilinma jarohati mavjudligi aniqlangan”, — deyiladi rasmiy axborotda.

Ma’lum qilinishicha, Labo haydovchisiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

“Voqea ishtirokchilari Sh. Sh., B.Sh. va J.B.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) va Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan hujjatlar rasmiylashtirildi. Hozirda prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi viloyat IIB munosabatida.

Qayd etilishicha, xodimlarning harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Avvalroq Asaka tumanida ichki ishlar xodimlari jamoat tartibini buzganlikda ayblab, fuqarolarga kuch ishlatgan edi. Keyinroq tuman IIBga olib ketilgan fuqarolar uzr so‘rab, xodimlarga sovuqda tartibni saqlayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.