TalentLab rekruting agentligi va mansab pillapoyalaridan o‘sish bo‘yicha Ustoz bepul loyihasi “O‘zbekistonda ekspat „mo‘’jizasi“: yangi Singapur yoki BAA bo‘lish imkoniyati bormi?” keng qamrovli tadqiqotini taqdim etdi. Ekspertlar O‘zbekistonning 2022-yil — 2023-yilning birinchi choragidagi ekspatlar bozorini o‘rgandi. Mehnat munosabatlari ish beruvchi tomonidan ham, yollangan chet ellik xodimlar tomonidan ham ko‘rib chiqildi.

Tadqiqot nima haqdaligi va uning metodologiyasi haqida

Tadqiqotchilar o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘ydilar:

  • ekspatlarni nima uchun yollashshayotgani, ular nima uchun yollanayotganini aniqlash;
  • hamkorlik natijalaridan qoniqish indeksini ko‘rsatish;
  • O‘zbekistonda ekspatlarni ishga yollash tendensiyalari va prognozlarini ko‘rsatish;
  • real va va’da qilingan ish haqi kontekstida ish haqi va qo‘shimcha rag‘batlantirish choralarini tahlil qilish.

Ekspat deganda, TalentLab yuqori boshqaruv darajasidagi, ish haqining qayd etilgan qismi oyiga 5000 AQSh dollaridan kam bo‘lmagan chet ellik mutaxassisni tushunadi.

Tadqiqotchilar ekspatlarni ishga qabul qiluvchi biznes vakillari (47 kishi), qayd etilgan davrda mamlakatda ishlagan yoki ishlashda davom etayotgan ekspatlar (114 kishi) hamda O‘zbekistonda ishlash istagini bildirgan top-menejerlar (229 kishi) bilan chuqur individual suhbatlar o‘tkazdilar.

ekspatlar, rekruting, o‘zбекистон

So‘rovda qatnashganlarning geografiyasi Rossiya (64%), Qozog‘iston (23%), Ukraina (9%), Turkiya (2%) va boshqa davlatlardan (2%) iborat. Bu proporsiyalar chet elliklarni yollagan kompaniyalarning javoblaridan olingan, deya aniqlik kiritdi Alyona Vladimirskaya.

Nima uchun ekspatlarni ishga yollashadi va ular nima uchun ishga kirishadi?

Aksariyat biznes vakillarining ta’kidlashicha, ular mahalliy tajribaning yetishmasligi tufayli chet elliklarni yollashadi. Ularning fikricha, mahalliy top-menejerlarni tarbiyalash uchun ko‘p yillar kerak bo‘ladi va muammolarni hozirdanoq hal qilish kerak. Respondentlar, shuningdek, aniq xorijiy kompaniyalar muvaffaqiyatini takrorlash istagini bildirishdi.

O‘zbekistonda ekspatlar asosan katta maosh olish imkoniyati (79 foiz), martaba o‘sishi (38 foiz), qulay iqlim (29 foiz) tufayli ishga kirishadi.

Chet elliklar o‘rtacha qancha maosh oladi?

2023-yil mart oyi holatiga ko‘ra, 100 dan kam xodimi bo‘lgan kompaniyalarning CEO (bosh direktor) va operatsion direktorlari yiliga 30 ming dan 48 ming dollargacha maosh olishgan. Xuddi shu lavozimda, lekin 1000 dan ortiq xodimi bo‘lgan tashkilotlarda — yiliga 84−144 ming dollar.

ekspatlar, rekruting, o‘zбекистон

Marketing bo‘yicha direktorlar, kompaniyada 100 nafardan kam ishchilar bo‘lsa — 24−48 ming, agar kompaniyada mingdan ortiq bo‘lsa — 60−96 ming dollar olishgan.

Bosh buxgalterlar 12 dan 36 ming dollargacha (100 dan kam ishchisi bo‘lgan kompaniyalarda) va mingdan ortiq odam mehnat qiladigan kompaniyalarda 42−84 ming dollar olgan.

Ekspatlar va mahalliy kompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlik qanchalik samarali?

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistondagi biznes vakillarining 48 foizi yollangan ekspatlar bilan hamkorlikdan qoniqish hosil qiladi. So‘rovnomada ishtirok etgan ekspatlar orasida bu ko‘rsatkich biroz yuqoriroq — 52 foiz.

Tadqiqot muallifi, xanting bo‘yicha yetakchi rus eksperti Alena Vladimirskayaning fikricha, hamkorlikdan qoniqishning bu ko‘rsatkichlari nihoyatda past. Rossiyada shunga o‘xshash tahlil mos ravishda 65 va 69 foizni, BAAda — 82 va 81 foizni ko‘rsatdi.

Ishga qabul qiluvchi tomon so‘ralayotgan maoshning yuqoriligi (“mahalliy mutaxassislar ham kam maosh evaziga bir xil darajadagi ishni ko‘rsatishlari mumkin”) hamda natija (“muammolar hal etilmasdan qolgan”) borasidagi umidlar o‘zini oqlamaganini norozilikning asosiy sababi sifatida keltirgan.

ekspatlar, rekruting, o‘zбекистон

Ekspatlar, birinchi navbatda, ish beruvchining ish boshida aytganlari va biznesdagi realliklar o‘rtasidagi nomuvofiqlikdan qoniqmasligini bildirishgan. Xorijiy mutaxassislar duch keladigan yana bir muammo — bu “milliy o‘ziga xosliklar”. Mazkur jumla ish faoliyatining odatlanilgan Yevropa me’yorlariga muvofiq emasligi, biznes jarayonlarining tartibga solinmagani, aksiyadorlar bilan muloqotdagi murakkabliklar va qo‘l ostidagi mahalliy xodimlardagi ijro intizomi, shuningdek, va’da qilingan ish haqini to‘lamaslik kabi ma’nolarni o‘z ichiga oladi.

Ish beruvchilar va ekspatlar o‘rtasidagi mavjud o‘zaro majburiyatlarning bajarilishidan norozilikni tadqiqotchilar o‘zaro ishonchning yetishmasligi bilan bog‘lashmoqda. Yollovchilar ish boshida kiritilgan ma’lumotning noto‘g‘riligi yangi xodimga mavjud muammolarning jiddiyligi va miqyosini anglashga to‘sqinlik qilganini keltirib o‘tishgan. Natijada u birinchi yarim yillikda mavjud vazifalarni bajarish o‘rniga ish sifatida qabul qilinmaydigan avvalgi muammolarni bartaraf etish bilan shug‘ullanishga majbur bo‘lgan.

Ekspatlar o‘z imkoniyatlarini baholashda mubolag‘a qilishadi. O‘z tajribasiga ishonch va xodim oldida turgan vazifalarni yetarlicha baholamaslik ishga qabul qilish jarayonidagi vaziyatni yuzaki o‘rganishga olib keladi.

Kelajakda hamkorlik qilish uchun hech qanday to‘siq yo‘q

Hamkorlikdan umumiy norozi bo‘lishiga qaramay, ko‘pchilik biznes vakillari va ekspatlar bir-birlari bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ish beruvchilar tez o‘sib borayotgan iqtisodiyot yoki ularning kompaniyasida qiyinchiliklar murakkablashayotganini va mahalliy mutaxassislar har doim ham ularni yengishga qodir emasligini bilishadi. Biznes ekspatlar ishidan qoniqmaslik muammosiga yechim sifatida mavjudlarini yangilari bilan almashtirishda ko‘rishmoqda. O‘zbekiston uchun donor davlatlar Rossiya va Qozog‘iston (kamroq darajada) bo‘lib qolaveradi.

Ekspatlar tomonidan O‘zbekistonga qiziqish, tadqiqot mualliflarining fikricha, 2022-yilga nisbatan pasayadi, biroq ularning narxi oshadi. Buning sababi shundaki, ekspatni maksimal samarali “ekspluatatsiya qilish”ni o‘rgangan kompaniyaning yutug‘i yollashga ketadigan xarajatlardan ancha yuqoriroq. Buni biznes ham tushunadi.

ekspatlar, rekruting, o‘zбекистон

So‘rovnomada ishtirok etgan ekspatlarlarning 66 foizi shartlar yaxshilansa, shartnomani uzaytirishga tayyor. Avvalo, bu ish haqining o‘zgaruvchan qismining batafsil miqdori ko‘rsatilgan aniqroq yozma shartnomaga tegishli. Respondentlarning 18 foizi amaldagi shartnoma uzaytirilmasa, O‘zbekistonda yangi ish beruvchi bilan qolishga tayyor. Taqqoslash uchun, 31 foizi bunday sharoitda ketishga qaror qilgan.

Hamkorlik samaradorligini oshirish uchun TalentLab mahalliy korxonalarga “ekspat sehrgar emas, balki muayyan muammolarni hal qila oladigan, lekin hamma narsani bir zumda yaxshilay olmaydigan professional” ekanligini tan olishni tavsiya qiladi. Bundan tashqari, aniq maqsadlar qo‘yish va “buni yaxshi bajaring” kabi formulalardan voz kechish muhimdir. Tadqiqotchilar mehnat shartnomasini tuzishdan oldin chet elliklar uchun sinov haftasini joriy etish zarur, deb hisoblaydilar. Bu ularga topshiriqlarni bajarishning maqsadga muvofiqligini baholash imkonini beradi.

Ekspatlar bozorini har tomonlama o‘rganish natijalari va tavsiyalarning to‘liq ro‘yxatini Alena Vladimirskaya saytidan tanishish mumkin.