Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati Andijon viloyati Izboskan tumani “Oybek” mahallasida kamida 50−60 yillik ulkan daraxtlar kesib tashlangani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

4-aprel kuni tumanning “Oybek” mahallasi “Milliy qadriyat” ko‘chasi 17-uy yonida ekilgan 3 tup chinor daraxtlari fuqaro I.M. va boshqalar tomonidan hech qanday ruhsatsiz, o‘zboshimchalik bilan kesib ketilgan. Viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasiga ko‘ra, tabiatga 131 million 400 ming so‘mlik zarar keltirilgan.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan 12-aprel kuni Jinoyat kodeksining 198-moddasi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini olib borish uchun tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limiga yuborilgan.

Xozirda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan olib borilmoqda.