Ijtimoiy tarmoqlarda kartadan kartaga (p2p) pul o‘tkazmalari uchun soliq joriy etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Xabarlvr yuzasidan Soliq qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Qo‘mita qayd etishicha, jismoniy shaxslarning boshqa jismoniy shaxsdan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekinga olgan pul shaklidagi daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Soliq kodeksi 378-modda ya’ni, bir jismoniy shaxsdan boshqa jismoniy shaxsga pul o‘tkazish (p2p) operatsiyalari soliqqa tortilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 1-maydan boshlab O‘zbekistondagi to‘lov tashkilotlari jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirishda (p2p o‘tkazmalari) xizmat ko‘rsatish uchun elektron hisob-varaqalarni (ESF) rasmiylashtirishi va taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Bugungi kunda bir elektron hisob-varaqasi uchun xizmat narxi 270 so‘mdan 450 so‘mgacha. Soliq qo‘mitasi tannarxni 1 so‘mga tushirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgan.

Keyinroq, Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilayotgan prezident qarori loyihasida bu band yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Katta ehtimol bilan bu band hujjatni tekshirish va baholashdan keyin paydo bo‘lgan.

28-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Akbar Toshqulov “Gazeta.uz”ga ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.

“Qonunchilik jarayoni juda katta. Qonunlarda belgilangan talablarga ko‘ra, [loyiha hujjatlari] bizdan (huquqiy ekspertizadan — tahr.) o‘tishi kerak. Ba’zida shunday (ekspertizadan so‘ng normativ hujjat loyihasiga qo‘shimcha band qo‘shilishi) holatlari uchraydi. Buni, albatta, tegishli tashkilotlarga yetkazamiz va bunday holatlar takrorlanmasligi chorasini ko‘ramiz”, — deydi vazir.

“Gazeta.uz” muxbirining “Ekspertizadan o‘tmagan ushbu band qarordan olib tashlanadimi?”, — degan savoliga Toshqulov “Yo‘q, qaror imzolangan”, — deya javob bergandi.