Terrorizmda ayblanib Indoneziyada qo‘lga olingan O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi Shimoliy Jakarta shahridagi tergov izolyatoridagi bir nafar qo‘riqchini o‘ldirib qochib ketdi. Bu haqda The Jakarta Post nashri xabar berdi.

Mahalliy matbuotning yozishicha, ular omborxonadan o‘g‘irlangan pichoq bilan soqchilarga hujum qilgan. Qochish chog‘ida immigratsiya xizmati xodimi halok bo‘lgan, yana uch nafari og‘ir yaralangan.

Huquq-tartibot idoralari xodimlari o‘sha kuniyoq ikki qochoqni qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq bir nafari qochish paytida daryoga sakrab, cho‘kib ketgan.

“Dastlabki so‘roqda ular o‘zbek konsulligi xodimlari kelganidan keyin qochishni rejalashtirganini aniqladik. Ular O‘zbekistonda og‘ir jazo kutayotgani uchun deportatsiya qilinishlarini istamagan”, — dedi politsiya vakili Asvin Siregar.

Eslatib o‘tamiz, ular “Tavhid va jihod katibasi” terroristik tashkilotiga aloqadorlikda gumonlab, qo‘lga olingandi. Fuqarolar ijtimoiy tarmoqlarda terrorchilik tashviqotini tarqatganlikda ayblangan.

Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, ularning 3 nafari Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Suriyada faol bo‘lgan xalqaro terror tashkilotining bir qismida bo‘lgan. Boshqa bir gumonlanuvchi esa ularga moliyaviy yordam hamda soxta hujjatlarni taqdim etib kelgan. O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, u o‘zining uch hamkasbiga yordam ko‘rsatgani uchun nazoratga olingan.