BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO — Food and Agriculture Organization) chigirtkalarga qarshi kurash bo‘yicha Tojikiston va O‘zbekiston agentliklari o‘rtasida transchegaraviy tadqiqot o‘tkazdi. Bu haqda tashkilot “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Tadbir Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan moliyalashtirilayotgan FAO`ning “Markaziy Osiyoda chigirtkalarga qarshi kurashni takomillashtirish (2-bosqich)” loyihasi doirasida o‘tkazildi.

4−5-aprel kunlari tadqiqotning birinchi qismi Tojikistonda Xatlon viloyatining chegaradosh hududlari va respublikaga qarashli 30 ming gektar maydonda bo‘lib o‘tdi. 6−8-aprel kunlari chigirtkaga qarshi mutaxassislar O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatining 40 ming gektarga yaqin hududi o‘rganilgan chegara hududlarida bo‘ldi.

FAO tadbirni amalga oshirishga o‘z hissasini qo‘shib, Tojikistonning “Chigirtkalarga qarshi kurash ekspeditsiyasi” davlat muassasasining 6 nafar, O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining 5 nafar xodimining ishtirokini qo‘llab-quvvatladi.

“Transchegaraviy tadqiqot chigirtkalarga qarshi kurashda birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni kuchaytirdi. Chegaraning har ikki tomonida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida chigirtkalar holati va unga qarshi kurashish usullarini ko‘rib chiqdik, shuningdek, o‘z vaqtida ma’lumot almashishga kelishib oldik”, — dedi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xudayqulov.

So‘rov natijalariga ko‘ra ikki davlat idoralari o‘rtasida umumiy xulosalar va kelgusidagi harakatlar to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Ular orasida chigirtkalarga qarshi kurash va monitoringni kuchaytirish, shuningdek, o‘rganilayotgan chegara hududlarida chigirtka rivojlanishi to‘g‘risida doimiy ma’lumot almashish kiradi.

Eslatib o‘tamiz, shu kunlarda O‘zbekiston hududlarida chigirtkalar tarqalishining oldini olish ishlari boshlangan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshchiligida 500 ming gektardan ortiq hududni maxsus ishlov berish rejalashtirilgan.

Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax, Samarqand va respublikaning boshqa viloyatlarida chigirtkalar ko‘payish ehtimoli bo‘lgan o‘choqlarga maxsus ishlov berish choralari ko‘rilmoqda.