10-aprel kuni taxminan soat 07:30 da Toshkent shahri Bektemir tumani, Oltintopgan ko‘chasida 2 ta yengil avtomobil va bir piyoda ishtirokida YTH sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda poytaxt IIBB axborot xizmati.

Aniqlanishicha, haydovchi 1988-yilda tug‘ilgan N.R. Spark avtomashinasini ishonchnoma orqali boshqarib ketayotib, oraliq masofani saqlamay, yo‘l chetida to‘xtab turgan haydovchi 1995-yilda tug‘ilgan J.G‘.ga tegishli Spark bilan to‘qnashib ketgan va boshqaruvni yo‘qotib yo‘l chetida harakatlanib ketayotgan piyodani urib yuborgan.

Oqibatda piyoda — 1983-yilda tug‘ilgan G. D. turli xil tan jarohatlari, 2-darajali koma holati tashxisi bilan kasalxonaga olib borilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay 11-aprel kuni soat 02:15 da vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga sabab bo‘lgan transport boshqarish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.