O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-aprel kuni yoshlar siyosatiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Tadbirda globallashuv sharoitida “yoshlar tarbiyasi va ongiga tahdidlar kuchayayotgani” ta’kidlandi. 2022-yilda huquq-tartibot idoralari tomonidan 86 ta noqonuniy “virtual hujralar” aniqlangan. Bular faqat mamlakat hududida tashkil etilganlari hisoblanadi.

Prezident oliygohlar rektorlari talabalari darsdan keyin nima bilan shug‘ullanishi bilan qiziqmayotgani, ijodiy kechalar, sport o‘yinlari, madaniy tadbirlar bilan talabalarning bo‘sh vaqtini boyitmayotganini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan prezident Ma’naviyat va ma’rifat markazi faoliyati ham tubdan o‘zgarishi shartligini ta’kidladi. Markazning birorta internet platformasi yoki ijtimoiy tarmoqlarda loyihasi yo‘qligi, yoshlar qiziqishlarini inobatga olmay, qamrovi va ta’sirchanligi past bo‘lgan turli-tuman anjuman va davra suhbatlari o‘tkazish bilan ovora bo‘lib qolgani tanqid qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda budjet hisobidan yaratiladigan badiiy asarlar, multfilm, serial va kinolar, sahna asarlari xususiy sektor va xorijiy kontentlar bilan raqobat qila olishi zarurligi qayd etildi.

Mutasaddilarga yoshlarni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, ularga sog‘lom fikr va motivatsiya berishga qaratilgan kontentlarni ko‘paytirish, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga ixtisoslashgan alohida teleko‘rsatuvlar tashkil qilish, xorijdagi yoshlarga ko‘mak berish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu boradagi davlat siyosatini samarali tashkil etish uchun “Yangi O‘zbekiston yoshlari” dasturini ishlab chiqish va qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilgi davlat budjetidan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markaziga 63,2 milliard so‘m, 2023-yilda esa 65,7 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.