Namangan viloyatida Malibu haydovchisi 01 072 AAA soxta davlat raqamini o‘rnatib olgan holda harakatlanib, bir nechta qoidabuzarlik sodir etdi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mazkur transport vositasi 22-martga o‘tar kechasi soat 00:51 da A-373 Namangan-Toshkent magistralining Angren shahri hududida Namangan viloyati tomon harakatlangan.

Shu vaqtda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 3-moddasi 3-qismida (Transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda oshirib yuborishi) ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani, shu kuni soat 02:50 da Namangan shahri Davlatobod tumani hududida, soat 03:09 da esa Namangan shahri Lola dahasida joylashgan Qumqo‘rg‘on chorrahasida yuqoridagi kabi qoidabuzarliklar sodir etgani kuzatuv kameralarida qayd etilgan.

O‘rganish davomida mazkur davlat raqami belgisi bilan aslida Hyundai Santa Fe avtomobili ro‘yxatdan o‘tkazilgani, mazkur avtoraqamning asli hozirda ushbu mashinaga qadalgan holatda ekani aniqlangan.

Soxta raqam bilan harakatlangan Malibu mashinasi egasi Namangan shahri “Qadamjo” mahallasida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan fuqaro ekani aniqlandi. Avtomobilning asl raqami esa 01 A 215 AA bo‘lgan. Haydovchi soxta raqamni Moskvada tanishi orqali 30 dollarga yasattirganini ma’lum qildi.

Yuqoridagi holatlar, shuningdek, avtomashina hujjatlarini qalbakilashtirish bilan bog‘liq holatlarga to‘liq huquqiy baho berilishini ta’minlash maqsadida Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Mashina esa jarima maydoniga joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Namangan shahrida 2023-yil boshidan beri 152 marta qoidabuzarlik qayd etilgan Hyundai aniqlangandi. Jarimalarning umumiy summasi 410 million so‘mga teng.