Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida majburiy ijro byurosi xodimiga pichoq bilan tashlangan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda MIB matbuot xizmati.

10-aprel kuni soat 15:40 atrofida davlat ijrochisi S.B. qarzdor fuqaro O.T.ning yashash xonadoniga 26 million 982 ming so‘mlik bank krediti va boshqa qarzdorliklarni undirish bo‘yicha majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish uchun borgan.

Shu orada xodim xonadonga kelganda fuqaro yo‘qligi ma’lum bo‘lgan va telefon orqali kelishini so‘ragan. Erkak esa turli bahonalar bilan kelmasligini ma’lum qilgan. MIB xodimi qarzdorlik bartaraf etilmagani bois majburiy ijro harakatlari tayinlanganini bildirib kelishini bildirgan.

“Bundan g‘azablangan qarzdor esa davlat ijrochisini qasddan o‘ldirish maqsadida xo‘jalik pichog‘i bilan kelib, qonuniy faoliyatga qarshilik qilgan. Davlat ijrochisini ko‘krak qafasiga xo‘jalik pichog‘i bilan urmoqchi bo‘lganida, o‘zini himoya qilgan va o‘ng qo‘l kaft sohasidan jiddiy jarohat olgan”, — deyiladi xabarda.

“Fuqaro yana xodimni o‘ldirish maqsadida uni ortidan quvgan vaqtda ijro harakatlarida ishtirok etayotgan boshqa davlat xizmatchilari tomonidan qo‘lidagi xo‘jalik pichog‘i olib qo‘yilgan”, — deya qo‘shimcha qildi MIB matbuot xizmati.

Holat bo‘yicha o‘sha kuni To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish), 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.