Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi 41-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilgan shirinlik ichidan qum chiqdi. Bu haqda maktab o‘qituvchisi Bagdagul Bekbosinova 8-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qildi.

Uning aytishicha, prezident tashabbusi bilan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilayotgan bepul yeguliklarning sifati juda qoniqarsiz.

“Shu kungacha berilgan mahsulotlar bo‘yicha qator kamchiliklarni maktab rahbariyatiga aytib kelganman. Olmalari yuvilmagan, chirigan. Keks ichidan qizlar sochiga taqadigan „nevidimka“, un qopini tikadigan ip chiqqan kunlar ham bo‘lgan. Lekin 2023-yilning 7-aprel kuni 2-„B“ sinfidagi o‘quvchimning konfetidan qum aralash tuproq chiqdi. Qiz bechora yarmini yegan. Konfet o‘ralgan qog‘ozini ko‘zdan o‘tkazsam, ishlab chiqaruvchi haqida hech nima yozilmagan”, — deydi pedagog.

Bagdagul Bekbosinova mazkur holatga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar javob berishlari kerakligini ta’kidlagan.

“Bunday mahsulotlarni berib, bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazib, berganidan bermagani yaxshi emasmi? Kelajagimiz bo‘lgan bolalar sog‘lig‘i barcha uchun muhim. Tegishli javobgar shaxslar bunday sifatsiz mahsulotni olib kelib bolalarga tarqatgani uchun javob berishini so‘rab qolaman. Xar bir o‘quvchi uchun kuniga necha so‘m sarflanadi? Berilayotgan mahsulotlar shu pulga arziydimi?” — deydi o‘qituvchi.

Pedagog o‘z murojaatiga fakt sifatida chirigan olmaning rasmi, yeguliklar ichidan sochga taqiladigan to‘g‘nog‘ich va qum chiqqani aks etgan videolarni ham keltirgan.

Qoraqalpog‘iston Xalq ta’limi vazirligi holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha Xo‘jayli tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Tuman XTBga qarashli mazkur 41-maktabda jami 961 nafar o‘quvchi o‘qiydi, shundan 388 nafari — boshlang‘ich sinf o‘quvchilari. Ularga oziq-ovqat mahsulotlarini 2022-yil 10-oktabrdan beri Bekbergen Servis Orayi MCHJ yetkazib bermoqda.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu korxona tomonidan 7-aprel kuni 41-maktabdagi 388 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yong‘oqli keks, “Stel” shokoladi, olma, shirin choy yetkazib berilgan. Keltirilgan yeguliklar soat 09:45 da maxsus komissiya a’zolari tomonidan qabul qilib olingan.

Qayd etilishicha, shu kuni 2-“B” sinf o‘quvchilariga berilgan “Stel” shokoladidan qum chiqqan va sinf rahbari B.Bekbosinova holat bo‘yicha maktab rahbariyatiga videoxabar orqali murojaat qilgan. Maktab rahbariyati bu haqda yetkazib beruvchi keytering korxonasiga ma’lumot bergan.

E’tiborli jihati, nomi “Stel” deya qayd etilgan shokoladning tashqi ko‘rinishi “Step” shokoladiniki bilan juda o‘xshash. Sinf rahbari ham “konfet ishlab chiqaruvchisi haqida hech nima yozilmagani” haqida gapirgan.

bepul oziq-ovqat, қорақалпоғистон

“Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tartibda chora-tadbirlar ishlab chiqilib, qo‘shimcha o‘rganish ishlari amalga oshirilishini hamda buning natijasi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qilamiz”, — deyiladi vazirlik axborotida.

Ma’lum qilinishicha, yuvilmagan olma bilan bog‘liq holat shu yilning 7-fevral kuni kuzatilgan. Bu bo‘yicha keytering korxonasiga va maktabdagi qabul qilib oluvchi komissiya a’zolariga XTB tomonidan ogohlantirish berilgan. Lekin vazirlik rasmiy axborotida to‘g‘nog‘ich masalasiga izoh berilmagan.

Vazirlikka ko‘ra, Xo‘jayli tumani XTBga qarashli umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan 8670 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga 3 ta keytering korxonasi — “Tabbasum Nukus”, “Bekbergen Servis Orayi”, Alliance Aral-S tomonidan har kuni menyu asosida oziq-ovqat mahsulotlari berib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning fevralida Kegeyli tumanidagi qator maktablarda o‘quvchilarga iste’molga yaroqsiz, zararkunandalar bilan zararlangan oziq-ovqat berilgani, ular yo‘lovchi transportida yetkazilgani aniqlangan edi. Shundan so‘ng Senat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston va Xorazm maktablarida o‘quvchilarga bepul ovqat berish tizimini o‘rganib, ishlab chiqarish muddati yo‘q mahsulotlar olingani, sifat nazorati jurnali yuritilmaganini aniqlagandi. Zararlangan oziq-ovqat tarqatilgan Kegeylidagi maktablar direktorlari jarimaga tortilgan.