O‘zbekiston va Qirg‘iziston mutaxassislari So‘x tumanidagi yerosti gaz inshootidan birgalikda foydalanish uchun qayta tiklash ishlarini boshladi, deb xabar qildi “O‘ztransgaz” matbuot xizmati.

Fevral oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida ikki mamlakat Energetika vazirliklari Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshootidan birgalikda foydalanish uchun qayta tiklash loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagandi.

10-aprel kuni O‘zbekiston tomonidan tuzilgan energetika vaziri boshchiligidagi 15 kishidan iborat ishchi guruh loyiha doirasidagi tadqiqotlarni o‘tkazish uchun mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida Qirg‘izistonning Qadamjoy tumaniga bordi.

“O‘zLITIneftgaz” AJ bilan birgalikda Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti quduqlarida dala tadqiqotlarini o‘tkazish uchun texnik topshiriq ishlab chiqildi, deyiladi “O‘ztransgaz” matbuot xizmati xabarida.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5−3 mlrd kub metr atrofidaligini aytgandi. “Shundan 1,3 mlrd kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 mln kub metr gaz bilan ta’minlashga imkoniyat bo‘ladi”, — degan vazir.