Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida oilaviy janjal tufayli kelinining boshini kesib tashlagan 65 yoshli qaynotaga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Voqea 2022-yil 1-oktabr kuni Qo‘shtepa tumanining Humdon mahallasidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, janjal har ikkisi istiqomat qiladigan Humdon mahallasidagi uylardan birida boshlangan. 1958-yilda tug‘ilgan qaynota I.R. kelini K.G. ning kechki ovqatni tayyorlayotganini ko‘rib, unga taomni mazaliroq tayyorlashini aytgan. Kelin bo‘lsa qo‘lidan kelganicha ovqat qilishi, u qanday chiqishidan qat’i nazar yeyishlarini aytadi. Shundan so‘ng ayol eshikni qarsillatib yopishi natijasida uning oynalari sinib ketgan. Qaynota “kelinning jahldor munosabati tufayli” g‘azabi qo‘zib, oshxonaga kirgan va kelinining bo‘yniga qo‘li bilan zarb bilan urishi natijasida ayol hushini yo‘qotib, yerga yiqilgan.

Shundan so‘ng, qaynota hushsiz yotgan kelinini uyda hech kim yo‘qligidan foydalanib, o‘z hovlisidagi Matiz mashinasiga yotqizib, Farg‘ona tumani Oqbuloq qishlog‘idagi adirlikka olib borgan. Shundan so‘ng, u oshxona pichog‘i bilan kelinining bosh qismini tanasidan butkul ajratib olgan va yo‘l chetida joylashgan archa daraxti orasiga ilib ketgan.

Sud-tibbiy ekspertizasining xulosasiga ko‘ra, marhuma og‘ir tan jarohati olgani va ko‘p qon yo‘qotgani oqibatida vafot etgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi tomonidan 2023-yil 23-fevral kuni ayblanuvchiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi (Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish) “v” bandi (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni) va 134-moddasi 1-qismi (Qabrni yoki murdani tahqirlash, shuningdek murdadagi, qabr ustidagi yoki ichidagi narsalarni olish) bilan aybli deb topildi. U Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan, tayinlangan jazolar qisman qo‘shilib, uzil kesil o‘tashlik uchun 13 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.