O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xitoylik hamkorlar bilan Sirdaryo viloyatida avtomobil zavodi qurishni taklif qildi. Davlat rahbari 7-aprel kuni Gulistonda bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari viloyat kengashi yig‘ilishida ushbu tashabbusni ilgari surdi.

“Nimaga Sirdaryoda — Toshkentga yaqin joyda mashina ishlab chiqarilmaydi? Nimaga? Xitoyning yaxshi zavodi poydevorini qo‘yaylik-da, qancha ko‘p mashina zavodlari bo‘lsa, avvalambor, narx kamayadi, sifat o‘zgaradi. Shuni qilsak bo‘ladimi — bo‘ladi”, — deya ma’lum qildi u (“O‘zbekiston 24” telekanali lavxasiga ko‘ra).

Shuningdek, yig‘ilishda prezident Sirdaryo aholisi farovonligini oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni e’lon qildi.

Birinchisi, ilg‘or innovatsiyalar hududida bio-farmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektro-texnika, tibbiyot, ta’lim sohalarining 20 ta yo‘nalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi. Unga ko‘ra yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi. Yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, Sirdaryoda 500 mln dollarlik investitsiya hisobiga O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Unda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro ta’lim va tadqiqot universiteti, innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi. Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi.

Buning uchun 200 gektar yer ajratilib, 10 ming talaba uchun o‘quv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.

Ikkinchisi. Viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda elektrotexnika, bio-farmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Texnoparklarga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi. Joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda “O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi” tashkil etiladi. Bu jamg‘arma Xitoyning nufuzli Ipak yo‘li fondi va boshqa moliya tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamg‘armaga 1 mlrd dollar sarmoya olib kelinadi.

Uchinchisi. Sirdaryoda eng ilg‘or agrotexnologiyalar joriy etiladi. Xitoydan viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchilar, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari modernizatsiyasiga investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida Sayxunobodda qoramol va parrandachilik eko-komplekslari, Mirzaobodda intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi. Xovosda o‘simliklardan tabiiy bo‘yoqlar ishlab chiqarish quvvati, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi. Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtinchisi. Sirdaryo mamlakatni Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan yirik logistika xabiga aylantiriladi. Buning uchun, Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda respublikaning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yo‘nalishlariga bog‘laydigan yangi transport marshrutlari va multi-modal logistika markazi quriladi.

Bulardan tashqari, yo‘llarni qurish, ta’mirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham Sirdaryodan boshlanadi.

Beshinchisi. Tibbiyotdagi islohotlar natijasi va sohadagi imkoniyatlarga tayanib, Guliston shahri mamlakatning “innovatsion meditsina xabi”ga aylantiriladi.

Bulardan tashqari, xorijiy investitsiyalar jalb qilib, Sirdaryo viloyatini innovatsion hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.