Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil 1-aprel holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari mart oyida 1,47 mlrd dollarga (+4,3 foiz) ko‘payib, 35,44 mlrd dollarni tashkil qildi.

Xorijiy valyuta zaxiralari deyarli o‘zgarmagan holda — 10,11 mlrd dollar (+42,8 mln dollar) darajasida qoldi.

Zaxiralarning oshishi, asosan, oltin zaxirasi qiymatining 1,41 mlrd dollarga oshib, 24,25 mlrd dollarga yetishi hisobiga sodir bo‘ldi. Shu bilan birga, oltinning fizik hajmi 0,3 mln troya unsiyaga (9,3 tonna) kamayib, 12,3 mln troya unsiyasini (taxminan 382,5 tonna) tashkil etdi.

Mart oyida oltin kotirovkalari 2022-yil 18-apreldan beri birinchi marta bir troya unsiyasi uchun 2000 dollardan oshdi. Qimmatbaho metal AQSh va Yevropada bank sektoridagi inqiroz va moliya kompaniyalari aksiyalarining qulashi fonida qimmatlashmoqda. Frank Media`ning MarketWatch ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, oltin narxi bo‘yicha mutlaq rekord 2020-yil 6-avgustda bir unsiya uchun 2069,4 dollarni tashkil etgan.

Mavjud zaxiralar mamlakatning 2022-yilgi importidagi ko‘rsatkich — 30,67 mlrd dollardan oshadi. Xalqaro tashkilotlarning rivojlanayotgan mamlakatlar uchun bergan tavsiyalariga ko‘ra, zaxiralar kamida uch oylik importni qoplashi kerak.