Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligi ijtimoiy tarmoqlarda tarbiyalanuvchilarning “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostidagi tadbirga jalb qilingani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

“Mazkur videoda, MTT xodimi tomonidan yurtimizda Referendum doirasida o‘tkazilayotgan tashviqot tadbirlaridan ruhlanib, tarbiyalanuvchilarga tushuncha berishga uringanlik holatini kuzatish mumkin”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan respublikadagi barcha maktabgacha ta’lim sohasidagi hudud vakillariga ogohlantirishlar hamda bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi loyihasi propagandasi bo‘yicha targ‘ibot guruhlarini tuzish to‘g‘risidagi to‘rt kun avval imzolagan qarorini bekor qilgani edi.