Mahallalarga tegishli hududdagi tuman (shahar) mahalliy Kengashlari sessiyalari kun tartibiga ko‘rib chiqish uchun taklif kiritish huquqi beriladi. Bu 2023-yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish yuzasidan qabul qilingan [PF-27-son] davlat dasturida qayd etilgan.

Qolaversa, mahallalar tuman (shahar) mahalliy Kengashlarining qarorlari loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.

Har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining ehtiyojidan kelib chiqib, mahallaning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish maqsadida mahallalar qoshida tadbirkorlik subyektlari tashkil etiladi.

Shu maqsadda mahallalarda “Tadbirkorlar kengashlari” tashkil etiladi, ularning maqom va vazifalari belgilab beriladi.

Mazkur chora tadbirlar yuzasidan vazirliklarga may oyi yakuniga qadar taklif ishlab chiqish vazifasi yuklatilgan. Buni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva nazorat qilib turadi.

Bundan tashqari, dasturning 3-bandiga ko‘ra, mahallalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2023 — 2025-yillarga mo‘ljallangan manzilli dastur ishlab chiqiladi.

U xizmat binosida muammosi bo‘lgan 2 327 ta mahallalar uchun xizmat binolarini qurish, jihozlash, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan ta’minlashni nazarda tutadi. Binolarni qurishda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli hamda profilaktika inspektorlari uchun alohida xonalar bo‘ladi.

Ushbu vazifa yuzasidan tegishli hujjat loyihasi aprelda ishlab chiqilishi kerak. Bosh ijrochi — Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, uning nazoratchisi esa bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov hisoblanadi.

Shuningdek, davlat dasturining 4-bandida “Mahalla institutining O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini qaror topishidagi o‘rni va roli: kecha, bugun va ertaga” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, sentabr oyida “Mahalla institutining jamiyat hayotida tutgan o‘rni” xalqaro forumi o‘tkaziladi.

Mazkur maqsadlar uchun esa Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan mablag‘lar ajratiladi. Biroq dasturga qancha mablag‘ ajratilishi aniq ko‘rsatilmagan.