Prezident Shavkat Mirziyoyev turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga uning onasi vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovga, barcha yaqinlariga, qardosh va do‘st Turkmaniston xalqiga hamda oilasi uchun katta yo‘qotish bo‘lgan ushbu musibatli onlarda hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi.

“Mehribon va aziz volidai muhtaramangiz — Ogulabat Berdimuhamedovaning olamdan o‘tgani haqidagi xabar qalblarimizni chuqur qayg‘u va iztirobga soldi. Ogulabat edje o‘zining ibratli hayot yo‘li, chinakam mehnatsevarligi, odamlarga mehr-oqibati va kamtarligi bilan elu yurtingizning ulkan mehru muhabbatiga sazovor bo‘lgan mo‘’tabar inson edi”, — deyiladi xabarda.

Davlat rahbari Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham ta’ziya yo‘lladi.