Buxoro ichki ishlar organlari xodimlari va shahar elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari o‘tkazgan tezkor tadbirda noqonuniy mayning ferma faoliyatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, 1972-yilda tug‘ilgan Yu. N. o‘zi yashab kelayotgan uyning yerto‘lasida mayning qurilmalari o‘rnatib, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan holda faoliyat ko‘rsatib kelgan. Tadbir davomida jami 3 dona yaroqli va 1 dona yaroqsiz mayning qurilmasi hamda boshqa butlovchi elektr jihozlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

“O‘zenergoinspeksiya” Buxoro viloyat hududiy bo‘limi va Buxoro shahar elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislarining xulosasiga ko‘ra, ushbu shaxs 2022-yil 28-mart kunidan 2023-yil 9-fevral kuniga qadar umumiy qiymati 63,5 ming kVt soat elektr energiyasidan noqonuniy ravishda foydalangan. Shahar elektr tarmoqlari korxonasiga jami 93 mln 694 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 185/2-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.