Tarkibida karmin moddasi mavjudligi sababli ayrim yogurtlar harom ekanini aytib chiqqan Activist loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov 15 sutkaga qamalgani xabar qilingandi. Toshkent shahar sudlari o‘tkazilgan sud tafsilotlari borasida ma’lumot berdi.

8-aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudida bloger Hojiakbar Nosirov (1997-yilda Toshkentda tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan)ga nisbatan yuritilgan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan.

Shayxontohur tumani IIO xodimlari tomonidan Toshkentda “diniy muhitni sog‘lomlashtirish borasida” olib borilayotgan ijtimoiy tarmoqlarda monitoring tadbirlari davomida Hojiakbar Nosirov Telyegram`dagi kanalida Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2023-yil 7-apreldagi 18−660-sonli xulosasiga asosan aholi orasida turli ixtilof va tushunmovchiliklar keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan g‘oyalarni tarqatgani aniqlangan.

Sud xabariga ko‘ra, bloger IIO xodimlarining hujjatlarini tekshirish uchun taqdim etish, tushuntirish berish va ish hujjatlari bilan tanishib chiqish kabi qonuniy talablariga bo‘ysunmagan.

“Sud majlisida bloger tariqasida so‘roq qilish uchun H. N. ga so‘z berilganida, huquqbuzar va uning himoyachisi holat yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortdi”, — deyiladi xabarda.

“Hojiakbar Nosirov ko‘rsatma berishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, uning yuqoridagi huquqbuzarliklarni sodir etgan ish hujjatlaridagi IIO FMB xodimining bildirgisi, dalolatnoma, ko‘zdan kechirish va elektron materiallarni olish bayonnomasi, Telyegram messenjeridagi Activist kanalidan olingan fotolavhalar, DVD-R diskidagi videolavhalar, ashyoviy dalillarni olish bayonnomasi hamda Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar bilan o‘z tasdig‘ini topdi”, — deyiladi Toshkent shahar sudlari xabarida.

Sud qarori bilan u Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 184−3-moddasi (Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) va 194-moddasi (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismi bo‘yicha tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga shu kodeksning 34-moddasi tartibida 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ta’kidlanishicha, ushbu qaror ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Toshkent shahar sudiga apellyatsiya shikoyati yoki protest berilishi mumkin.

Aslida karmin E20 moddasi harommi?

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi bloger harom deb aytgan karmin moddasi bo‘yicha izoh berdi. Qayd etilishicha, u qizil rangli bo‘yoq modda bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Ushbu modda yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi.

“To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan” — deyiladi xabarda.

“Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida „istihola“ — bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib, boshqa narsaga aylanadi. Shariat (biror narsaning) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi”, — deyiladi Fatvo markazi izohida.

Ta’kidlanishicha, karmin moddasi haqida Fatvolar va tadqiqotlar bo‘yicha Yevropa kengashi o‘zining 19-sonli fatvosida quyidagicha qaror qilgan: “Carmine E120 moddasi, garchi kelib chiqishi hayvonlardan bo‘lsa ham, kimyoviy ishlovdan o‘tadi, natijada o‘z tuzilishini o‘zgartiradi hamda asl xususiyatlarini yo‘qotadi”.

“Demak, yuqoridagilardan karmin E120 moddasi qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish joiz ekani ma’lum bo‘lmoqda. Lekin ushbu fatvolar ulamolar tomonidan e’lon qilingan bo‘lsa-da, zamonamizdagi ayrim ahli ilmlardan mazkur masalada ehtiyot yo‘lini tutishni tavsiya etganlari ham bor”, — deyiladi xabarda.

Fato markazi xulosasiga ko‘ra, ruxsat berib qo‘yilgan tarafni olib, ba’zi bir odamlar karmin moddasi qo‘shilgan mahsulotni iste’mol qilsa, taqvo va ehtiyot yo‘lini tutganlar ularni malomat qilmasliklari kerak bo‘ladi.