O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Murod Rajabov uzoq davom etgan qand kasalligidan so‘ng 74 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi xabar berdi.

O‘zbek kinosining “Temir erkagi” deya e’tirof etiladigan Murod Rajabov 1949-yilning 30-mart kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 1971-yili sobiq Toshkent teatr va rassomlik institutini tamomlagan. U 1973-yili “Olovli sohil” filmidagi kichik roli bilan san’at olamiga kirib kelgan.

U faoliyati davomida “Ajoyib xayolparast”, “To‘ylar muborak”, “Olovli yo‘llar”, “Tangalik bolalar”, “Temir xotin”, “Temir erkak”, “Kichkina tabib”, “Shaytanat”, “Sarvinoz”, “Ulfatlar”, “Super kelinchak”, “Sevginator” singari yuzlab filmlarda suratga tushgan.

Murod Rajabov “Pari momo”, “Ulfatlar”, “Anora”, “Ulfatlar-2”, “Bir kelib keting qishlog‘imizga”, “Ulfatlar-3 yoxud ulfatlar Tailandda” filmlariga rejissyorlik qilgan.

1978-yilda “Bu Qo‘qonda bo‘lgan” telefilmidagi roli uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan. 2008-yilda O‘zbekiston xalq artisti unvoniga loyiq ko‘rilgan.