Buxoro viloyati Peshku tumanida fuqaro qo‘shnisiga tegishli eshakning quloqlarini kesib tashladi. Jonivor nobud bo‘lgan, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, 6-aprel kuni soat 16:00 da 1985-yilda tug‘ilgan fuqaro U.A. qo‘shnisi fuqaro J.X.ga tegishli eshakni tomorqa yeriga zarar yetkazgani sababli jonivorning ikki qulog‘ini kesgan, oradan vaqt o‘tib, jonivor ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida o‘lgan.

Hozirda fuqaro U.A.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi 2-qismi (Hayvonlarning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib keladigan darajada shafqatsiz munosabatda bo‘lish)da ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgani bo‘yicha to‘plangan hujjatlar ma’muriy tartibda chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tumani sudiga yuborilgan.

Ushbu jinoyatni sodir etish bazaviy hisoblash miqdori (amalda — 300 ming so‘m, 1-maydan 330 000 so‘m)ning 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.