O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari — 8−9-aprel sanalarida kuzatiladigan ob-havo haqida ma’lumot berdi.

Shanba kuni kechasi va ertalab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida, kunning ikkinchi yarmida Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qolgan hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Yakshanba kuni faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi.

Dam olish kunlari harorat kechalari +7…+12 daraja, kunduz kunlari +22…+27 darajani tashkil etadi. 7−9-aprelda respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, 7-aprelda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqori) yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

Poytaxtda shanba kuni kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Yakshanba kuni yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat kechasi +8…+10 daraja, kunduzi +22…+25 daraja bo‘ladi.