O‘zbekistonda 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etadi va o‘rta muddatli istiqbolda (keyingi ikki yilda mos ravishda 5,4 foiz va 5,8 foiz) bosqichma-bosqich tezlashadi, deyiladi Jahon banki tomonidan 6-aprelda chop etilgan “Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi iqtisodiyotiga sharh” hisobotida.

Bu hozirda prognoz qilinayotgan mintaqadagi eng yuqori o‘sishdir, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga Jahon bankining Toshkentdagi vakolatxonasi matbuot xizmati. Bank tomonidan yanvar oyida e’lon qilingan joriy yil prognozi 0,2 foiz punktga, 2024-yil uchun esa 0,3 foiz punktiga ko‘tarilgan holda qayta ko‘rib chiqildi.

Ukrainadagi urush va Rossiyaga qarshi joriy etilgan sanksiyalar bilan bog‘liq transport logistikasidagi qiyinchiliklar oziq-ovqat va energiya narxlarining yuqori bo‘lishiga va iste’molni kamaytirishga yordam berishi kutilmoqda.

Xususiy sarmoya va savdoning ko‘tarilishi hamda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining 2022-yildagi eng yuqori cho‘qqisiga chiqqaniga nisbatan barqarorlashishi kutilmoqda. Xitoy iqtisodiyotining kutilayotgan tiklanishi O‘zbekistondan to‘qimachilik va oziq-ovqat eksportiga bo‘lgan talabni oshirishi mumkin.

Oltin va mis eksportidan keladigan tushumning oshishi, shuningdek, davlat investitsiyalarining sekinlashishi joriy yilda budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,3 foizgacha kamaytiradi.

Hukumat tashqi qarzlar bo‘yicha cheklovlarga amal qilishi kutilmoqda, bu esa 2025-yilga borib davlat qarzi va umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan 32 foiz va 55 foizgacha bosqichma-bosqich qisqarishiga olib keladi.

Ijtimoiy himoya dasturlarini yanada kengaytirish mamlakatda kambag‘allik darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. 2023-yilda bu ko‘rsatkich 12 foizga tushishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish prognoziga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan xavflar qatoridan Rossiya iqtisodiyotining yanada qisqarishi, shuningdek, jahon moliya bozorlaridagi keskin sharoit joy olgan.

Oltin, tabiiy gaz va misga jahon narxlarining ehtimoliy oshishi, shuningdek, mamlakatda ishlab chiqarish unumdorligining yuqori o‘sishi O‘zbekiston iqtisodiyotining ijobiy tendensiyalari qatoriga kiradi.

2022-yil sharhi

Hisobotga ko‘ra, 2022-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti pul o‘tkazmalari, iste’mol va eksport hajmining o‘sishi hisobiga 5,7 foizga o‘sgan.

Oltin bo‘lmagan eksport 21 foizga (AQSh dollarida), shu jumladan to‘qimachilik, rangli metallar, o‘g‘itlar va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti o‘sdi, bu ko‘p jihatdan Rossiyaga eksportning ortishi (52 foizga) bilan bog‘liq.

Transport va turizm sohasida xizmatlar eksporti 53 foizga oshdi. Bu Rossiyadan kelayotgan sayyohlar yoki emigrantlar sonining 3 barobar ortgani, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan sayyohlar sonining ko‘payishi bilan izohlanadi.

2022-yilda pul o‘tkazmalari YAIMga nisbatan ikki baravar ko‘payib, 18,9 foizni tashkil etdi. Bunga Rossiya rublining mustahkamlanishi va migrantlar oqimining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda. Ushbu moliyaviy oqimlarning ba’zilari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan rossiyaliklar va rossiyalik kompaniyalardan shaxsiy pul o‘tkazmalarining ko‘payishida aks etadi.

Davlat budjeti daromadlarining oshishi hisobiga budjet taqchilligi 2021-yildagi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6,1 foizdan 2022-yilda 4,2 foizga qisqardi. O‘tgan yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 35,8 milliard dollarni tashkil qilgan. Ushbu resurslar, Jahon bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, 14 oy davomida import xarajatlarini qoplash uchun yetarli.

Oziq-ovqat, yoqilg‘i va transport xarajatlarining oshishi dekabr oyida inflyatsiyani 12,3 foizgacha ko‘tardi. 2022-yilda milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan nominal 3,8 foizga qadrsizlandi.

Ishsizlik darajasi 2021-yildagi 9,6 foizdan 2022-yilda 8,8 foizgacha — COVID-19dan oldingi darajaga tushdi. Yoshlar va xotin-qizlar, shuningdek, rivojlanishdan orqada qolayotgan hududlarda ham ishsizlik darajasi yuqori.

Kambag‘allik darajasi (milliy kambag‘allik chegarasidan foydalangan holda) 2021-yildagi 17 foizdan 2022-yilda 14 foizgacha kamaydi, bu aholi daromadlarining, shu jumladan mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari hisobidan yuqoriligi bilan izohlanadi.