Urgut tumanida 19 yoshli kelinning fotosurati Telegram`dagi behayo kanalga chiqarib yuborilgani sababli o‘zini o‘zi osib qo‘ygani bo‘yicha jinoyat ishi qaytadan tergov qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq “Gazeta.uz” tuman prokuraturasi ish tarkibida hech qanday jinoyat alomatlari topilmagani sababli o‘zini o‘zi o‘ldirish bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atishni rad etgani haqida yozgan edi.

“Mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqida qaror qabul qilingan”, — deyiladi xabarda.

Mazkur qaror Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganilib, bekor qilingan va qo‘shimcha tekshirish harakatlarini har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazish xakida ko‘rsatma berilgan.

“Qo‘shimcha tekshirish natijalari bo‘yicha qabul qilingan qonuniy qaror haqida keng jamoatchilikka e’lon qilinadi”, — deya ma’lum qildi Bosh prokuratura.

Ayol 3-mart kuni ota uyining orqa xonasida o‘zini osgan. Marhumning turmush o‘rtog‘ining aytishicha, uning surati kanalda intim videolarga ishora qiluvchi sarlavha bilan joylashtirilgan. Ilgari e’lon qilingan viloyat prokuraturasi bayonotida suratga hech qanday imzo qo‘yilmagani, kanaldagi suratlarda qizlar kiyimda bo‘lgani aytiladi.

O‘z joniga qasd qilish holati Nemolchi.uz zo‘ravonlikka qarshi loyihasi tomonidan e’lon qilinganidan keyin ma’lum bo‘ldi. Unda aytilishicha, ayol surati haqida uni qo‘llab-quvvatlagan turmush o‘rtog‘iga, so‘ngra otasiga aytgan, so‘ng uyiga, ota-onasinikiga ketgan. Uning otasi janjal chiqarib, unga baqirgan, deyiladi xabarda.