Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlarning maxsus xizmatlari 2023-yilda Qirg‘izistonda aksilterror mashg‘ulotlarini o‘tkazadi, deya xabar beradi SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) 7-aprel kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tashkilot kengashining 39-yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha.

Yig‘ilish ishtirokchilari joriy yilda SHHTga a’zo davlatlar chegara xizmatlari rahbarlarining to‘qqizinchi uchrashuvini o‘tkazishga ham kelishib oldilar.

Bundan tashqari, ishtirokchilar internetdan terroristik, separatistik va ekstremistik maqsadlarda foydalanishning oldini olish bo‘yicha birinchi qo‘shma axborot operatsiyasini o‘tkazishga qaror qildilar, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda SHHT MATT va MDHga a’zo davlatlarning Antiterror markazi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihasi ham ma’qullandi.

Hozir tashkilotga Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) raisi o‘rinbosari Nurgali Bilisbekov raislik qilmoqda.

U o‘z nutqida SHHT mintaqasida terrorchilik bilan bog‘liq vaziyat murakkab va dinamik bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.

U ichki va tashqi siyosatning jiddiy quroliga aylangan axborot urushlarining ta’siri kuchayib borayotganini qayd etdi. “Terrorizm, separatizm, ekstremizm tahdidlari dinlararo omillar bilan bir qatorda millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi bilan to‘ldirilmoqda”, — deb hisoblaydi MXQ raisi o‘rinbosari.

“Shunday qilib, SHHT makonida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash samaradorligi bevosita “uch yovuzlik”ning yangi gibrid ko‘rinishlariga (terrorizm, ekstremizm, separatizm — tahr.) faol javob berishga bog‘liq. Shu bois SHHTga a’zo davlatlar vakolatli organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni oshirish muhim ahamiyatga ega”, — deya qo‘shimcha qildi Bilisbekov.