Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 6-aprel kuni Pekinga tashrifi chog‘ida Xitoy rahbari Si Szinpinni Rossiya prezidenti Vladimir Putinga o‘z ta’siridan foydalanishga va Ukrainadagi urushni tugatishga yordam berishga chaqirdi, deya xabar qilimoqda BBC.

“Rossiyani o‘ziga keltirish va barchani muzokaralar stoliga qaytarish uchun sizga ishonishim mumkinligini bilaman”, — dedi Emmanuel Makron Si Szinpinga.

Bunga javoban Xitoy rahbari tomonlar imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralarini o‘tkazishiga umid bildirdi. Xitoy va Fransiya dunyo tinchligini himoya qilish uchun “qobiliyati ham, mas’uliyati ham” bor, dedi u.

“Sinxua” axborot agentligining Si Szinpin so‘zlaridan iqtibos keltirishicha, Xitoy Fransiya bilan birgalikda xalqaro hamjamiyatni vazminlikni saqlash va inqirozni kuchaytirishi yoki hatto uni nazoratdan chiqarib yuborishi mumkin bo‘lgan harakatlardan qochish; xalqaro gumanitar huquqqa qat’iy rioya qilish, tinch aholiga yoki fuqarolik obyektlariga hujum qilishdan qochish, ayollar, bolalar va boshqa mojaro qurbonlarini himoya qilish; yadro qurolidan foydalanmaslik, atom elektr stansiyalariga qurolli hujumlarga qarshi turish, tinchlik muzokaralarini imkon qadar tezroq qayta tiklash, BMT Nizomining maqsad va tamoyillariga rioya qilish, siyosiy jihatdan tartibga solish, Yevropada muvozanatli, samarali va barqaror xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish, birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan urush keltirib chiqargan oqibatlarni bartaraf etish va uning dunyoga, ayniqsa rivojlanayotgan davlatlarga salbiy ta’sirini qisqartirishga harakat qilishga chaqirishga tayyor.

европа иттифоқи, франция, хитой

Fransiya prezidenti seshanba kuni Pekinga kelgan edi. Emmanuel Makronning Xitoy rahbariyati bilan muzokaralarda ishtirok etish taklifiga binoan unga chorshanba kuni Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen qo‘shildi.

Emmanuel Makron Si Szinpin bilan yopiq eshiklar ortida muzokaralar o‘tkazdi. Xitoy va Fransiya rasmiylari suhbatni “samimiy” va “do‘stona” deb baholadilar.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Xitoy TIV Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha mamlakat pozitsiyasini e’lon qilgan edi. Unda “sovuq urush tafakkuridan voz kechish” va barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish zarurligi, shuningdek, yadro qurolidan foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi haqida so‘z boradi.

Fransiya rahbari bilan qo‘shma matbuot anjumani chog‘ida Xitoy rahbari Fransiya prezidenti va Yevrokomissiya rahbarining Xitoyga bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan tashrifi Yevropa Ittifoqining Xitoy bilan munosabatlarni rivojlantirishga hamda tomonlarning umumiy manfaatlarini ilgari surishga bo‘lgan ijobiy intilishidan dalolat berishini ta’kidladi.

“Uzoq davom etgan Ukraina inqirozi, beqaror global iqtisodiy tiklanish, moliyaviy bozorning beqarorligi va rivojlanayotgan mamlakatlar duch kelayotgan qiyinchiliklar kuchayib borayotgan murakkab hamda beqaror dunyoda Xitoy va Yevropa Ittifoqi muloqot va hamkorlikka sodiq qolishlari, dunyo tinchligi va barqarorligini saqlash, umumiy hamkorlikni rivojlantirish, taraqqiyot va farovonlik, insoniyat taraqqiyotiga ko‘maklashish hamda global chaqiriqlarga birgalikda javob berishga intilishlari kerak”, — deya Si Szinpinning so‘zlaridan iqtibos keltirgan “Sinxua” agentligi.

Emmanuel Makronning aytishicha, Ukraina ishg‘ol ostida qolar ekan, “biz xavfsiz va barqaror Yevropaga ega bo‘la olmaymiz”. U BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiya ushbu tashkilot nizomini buzayotgan vaziyatni qabul qilib bo‘lmas deb atadi.

европа иттифоқи, франция, хитой

Keyinchalik, alohida matbuot anjumanida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen ham bir nechta bayonotlar berdi. U “Xitoy adolatli tinchlik o‘rnatishga yordam beradigan rol o‘ynashiga”, ya’ni Kiyev o‘zining bosib olingan hududlari ustidan nazoratni qaytarib oladigan urush natijasiga umid bildirdi.

Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning Rossiya qo‘shinlarining to‘liq olib chiqilishini talab qiluvchi tinchlik rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Pekin Rossiyaga qurol yetkazib bersa, bu xalqaro huquqni buzgan bo‘ladi va Yevropa Ittifoqi-Xitoy munosabatlariga “sezilarli darajada putur yetkazadi”.

Ursula fon der Leyenning so‘zlariga ko‘ra, Si Szinpin bilan suhbati chog‘ida u Vladimir Zelenskiy bilan “buning uchun sharoit va vaqt mos kelganda” gaplashishga “tayyorligini yana bir bor tasdiqlagan”.